29 avgust kuni Urganch shahrida Jaloliddin Manguberdi yodgorlik majmuasining tantanali ochilish marosimi boʻldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Marosimga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurib, jamoatchilik vakillari bilan birgalikda haykalni ochdi. Davlat madhiyasi yangradi.
Mamlakatimiz rahbari oʻz nutqida sarkardaning shaxsiyati, tarixda tutgan oʻrnini alohida eʼtirof etdi.
– Jaloliddin Manguberdi el-yurt istiqloli uchun kurashgan, shu yoʻlda aziz jonini qurbon qilgan ajdodlarimizning buyuk namoyandasidir. Ona yurtga muhabbat va sadoqat, or-nomus va shon-sharaf bobida Jaloliddin Manguberdiga teng keladigan ulugʻ shaxslar dunyoda kamdan-kam uchraydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Jaloliddin 1198 yilda tugʻilgan va qisqa umri davomida tarixda unutilmas iz qoldirgan qahramon shaxsdir. U moʻgʻullar qoʻshini dahshatidan hamma oʻzini olib qochgan paytda, atigi 21 yoshida qoʻrqmasdan maydonga chiqqan. 11 yil davomida moʻgʻul bosqinchilariga qarshi 300 dan ortiq janglarda ishtirok etib, ularni titratgan. Hatto Chingizxondek buyuk hukmdor ham uning matonatini koʻrib: “Bunday qahramon farzandi bor ota naqadar baxtlidir”, deb tan bergan. Jasur shahzoda taqdirning qaltis sinovlarini mardona yengib oʻtib, 32 yoshda xoinlar qoʻlida halok boʻlgan.
Sulton Jaloliddin jangovar faoliyati bilan nafaqat oʻz yurtini, balki dunyodagi oʻnlab mamlakatlarni ham bosqinchilar hujumidan himoya qilgan. Uning nomi, oʻlmas jasorati xalq orasida, turli millat va elatlar oʻrtasida afsonaga aylangan.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, bu ulugʻ ajdodimizning xotirasi abadiylashtirildi. Tavallud sanalari munosib nishonlandi. Davlatimizning yuksak mukofotlaridan biri – Jaloliddin Manguberdi ordeni taʼsis etildi. Uning faoliyatiga bagʻishlangan ilmiy va badiiy asarlar yaratildi. Jumladan, turkiyalik kinoijodkorlar bilan hamkorlikda “Mendirman, Jaloliddin!” nomli koʻp qismli tarixiy film suratga olindi. Ulugʻ sarkardaga munosib vatanparvar oʻgʻlonlarni tarbiyalash maqsadida Urganch shahrida Jaloliddin Manguberdi nomida harbiy akademik litsey tashkil etildi.
Xorazm markazida barpo etilgan yodgorlik majmuasi shunday tarixiy ishlardan biridir. Bu tashabbusni Prezidentimiz 2018 yilda ilgari surgan edi. Haykalning joyi, koʻrinishi va mazmuni tarixchi olimlar, sanʼatshunoslar va quruvchilar ishtirokida chuqur muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari uni qurilish mobaynida ham bir necha bor kelib koʻrdi.
Shu tariqa, boʻyi 25 metrni tashkil etadigan mahobatli haykal barpo etildi. Unda Jaloliddin Manguberdi tulpor jilovini mahkam tutib, el-yurt himoyasiga otlanib turgani tasvirlangan. Sultonning qatʼiyatli, magʻrur siymosida kelajakka katta ishonch bilan intilayotgan xalqimizning vatanparvarligi, bukilmas irodasi oʻz ifodasini topgan.
Haykal oldida Jaloliddin Manguberdi bitiktoshining nusxasi oʻrnatildi. Eron hududidan topilgan, ogʻirligi 32 kilogramm, balandligi 30 santimetr boʻlgan bu toshda Qurʼoni karim oyatlari, Jaloliddin Manguberdining shajarasi yozilgan. Uning asli hozirgi kunda Londondagi mashhur Britaniya muzeyida saqlanadi. Bu ham buyuk ajdodimizning jahon tarixidagi beqiyos shuhratidan dalolat beradi.
Majmua oʻrin olgan qariyb 8 gektar maydonda, Al-Xorazmiy va Islom Karimov koʻchalarida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Ushbu maydon ostidan oʻtadigan avtomobil tunneli barpo etildi. Hududga 18 mingga yaqin manzarali daraxtlar, gullar va butalar ekildi.
Bu maydon Xorazmning kun sayin oʻzgarib, chiroy ochib borayotgan qiyofasiga yana bir koʻrk boʻldi. Xususan, oʻtgan besh yilda viloyatda barcha tuman markazlari, 100 ga yaqin qishloq va mahallalar obod qilindi. Sayyohlar uchun 80 ta yangi mehmonxona qurildi.
“Ochiq osmon ostidagi muzey” nomini olgan Xiva shahriga temir yoʻl yetib bordi va yangi vokzal ishga tushirildi. 2024 yilda bu yerga “Afrosiyob” tezyurar poyezdini olib kelish rejalashtirilgan. Islom hamkorlik tashkiloti tomonidan Xiva shahrining 2024 yilda “Islom dunyosining turizm poytaxti” deb eʼlon qilinishi bu saʼy-harakatlarning munosib eʼtirofi boʻldi.
Bularni izchil davom ettirgan holda, mahalliy va chet ellik sayyohlar uchun har tomonlama jozibador “Xorazm” turistik brendini yaratish boʻyicha ish olib borilmoqda. Jaloliddin Manguberdi majmuasi tarixni ifoda etishi, soʻlimligi va qulayliklari bilan turizmda ham alohida oʻrin tutadi.
Prezidentimiz buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdining hayoti va faoliyatini chuqur oʻrganish, uni xalqimiz, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida keng targʻib etish zarurligini taʼkidladi.
Xususan, shunday izlanishlar tufayli Turkiyaning Silvan shahrida ulugʻ ajdodimizning qabri topildi. Davlatimiz rahbari turk qardoshlarimiz bilan birga u yerda ramziy maqbara bunyod etish taklifini bildirdi.
Fidoyi olim va adiblarning ilmiy-ijodiy izlanishlarini qoʻllab-quvvatlash, Jaloliddin Manguberdining qahramonlik tarixini toʻlaqonli yoritib beradigan ilmiy ensiklopediya yaratish muhim vazifa ekani qayd etildi.
– Chaqmoqdek qisqa umri mobaynida oʻzbek xalqiga xos boʻlgan Vatanga cheksiz muhabbat va sadoqat, yuksak harbiy salohiyatni namoyon etib yashagan Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk ajdodlarimiz bilan har qancha faxrlansak, gʻururlansak, arziydi. Ishonaman, oradan yillar, asrlar oʻtadi, Sulton Jaloliddin hamisha yurtimizni koʻz qorachigʻiday asrab-avaylash, unga farzandlik mehri, iymon-eʼtiqod bilan xizmat qilishning oʻchmas timsoli boʻlib qoladi, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.
Marosimda xorazmlik nuroniy va ziyolilar, harbiy xizmatchilar ham soʻzga chiqib, yigʻilganlarni tabrikladi.
Milliy gvardiyaning Faxriy qorovul tarkibi “Jaloliddin Manguberdi” marshi sadolari ostida haykal oldidan tantanali yurib oʻtdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Jaloliddin Manguberdi bitiktoshiga gulchambar qoʻydi.
Marosim vatanparvarlik ruhidagi konsert dasturi bilan davom etdi.