Prezident Shavkat Mirziyoyev 7 oktyabr kuni Sirdaryo viloyatiga kelib, “Sirdaryo mega lyuks” qoʻshma korxonasi faoliyati bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻtgan yili bu yerda polipropilendan katta sigʻimli qoplar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan edi. “Yumshoq konteyner” deb ataluvchi bu qoplar 500 kilogrammdan 5000 kilogrammgacha yuk koʻtaradi. Ularga ishlab chiqarish, savdo, qishloq xoʻjaligi, logistika kabi koʻplab sohalarda talab yuqori. “Sirdaryo mega lyuks” yiliga 132 million dona shunday mahsulot tayyorlash quvvatiga ega.
Yettita korpusdan iborat ulkan korxona izchil rivojlanib bormoqda. Joriy yil may oyida ikki qavatli plyonka tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Yaqin oylarda strech plyonka va spanbond texnologiyasi asosida notoʻqima mato ishlab chiqarish boshlanadi.
Hozirda korxonada 2 mingdan ortiq kishi ish bilan taʼminlangan. Mazkur loyihalar toʻliq quvvatga chiqqach, ish oʻrinlari 5 mingga yetadi.
Bugungi kunda Rossiya, Isroil, Belarus, Ukraina, Qozogʻiston kabi 14 ta mamlakatga eksport yoʻlga qoʻyilgan. Yangi loyihalar bilan birgalikda eksport hajmi 215 million dollarga yetishi moʻljallangan.
Davlatimiz rahbariga istiqboldagi loyihalar haqida ham maʼlumot berildi.
Unga koʻra, kelgusi besh yilda polimer mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha texnopark tashkil etib, umumiy qiymati 350 million dollar boʻlgan sakkizta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Buning uchun 260 million dollar investitsiya jalb etilib, Germaniya, Italiya, Avstriya texnologiyasi oʻrnatiladi.
Prezidentimiz loyihalarning iqtisodiy samaradorligi bilan birga ijtimoiy jihatiga ham alohida eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi.
— Bu mahsulotlarning xomashyosi oʻzimizda, ona zaminimizda. Bundan aql bilan foydalanib, narx va sifat mutanosibligi taʼminlansa, mahsulotlarimiz raqobatbardosh boʻladi. Faqat iqtisodiy emas, iqtisodiy-ijtimoiy loyihalar qilish kerak. Tadbirkor ham daromad topsin, odamlar ham, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Zarur mablagʻ yoʻnaltirib, ishlab chiqarish hajmini ikki barobar oshirish, kelgusida ishchilar uchun uy-joylar barpo etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.