Shavkat Mirziyoyev: Tadbirkor — iqtisodiyot poydevori, davlat tayanchi

0
13
marta koʻrilgan.

Davlatimiz rahbari Toshkent shahridagi “Yangihayot” industrial texnoparkida boʻldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Yangihayot tumanida 184 mingdan ziyod aholi yashaydi. Soʻnggi yillarda koʻplab yangi uylar qurilib, oilalar koʻchib keldi. Ular uchun shu yaqin atrofda ish oʻrinlari tashkil etishga harakat qilinmoqda.

Prezidentimizning 2021 yil 4 fevraldagi qarori asosida barpo etilgan “Yangihayot” texnoparki shu maqsadga qaratilgan. Shavkat Mirziyoyev 2022 yilda qurilish maydoni va boʻlajak loyihalar bilan tanishgan edi. Texnopark uchun 110 gektar maydon ajratilgan. Hozir bu yerda 101 million dollarlik 8 ta korxona ishga tushirilgan, 520 ta ish oʻrni yaratilgan.

Davlatimiz rahbari ularning ayrimlarini koʻzdan kechirdi.

Masalan, “Almerro Grup” masʼuliyati cheklangan jamiyatida “Krember” brendi ostida qandolat mahsulotlari ishlab chiqariladi. Buning uchun 3 gektar yer ajratilgan, 22 million dollar yoʻnaltirgan. Italiya, Ispaniya va Turkiya davlatlaridan keltirilgan ilgʻor texnologiya oʻrnatilgan. Korxonada yiliga 320 milliard soʻmlik 80 turdagi qandolat mahsulotlari ishlab chiqarilishi koʻzda tutilgan. Mahsulotlarning 15-20 foizi Xitoy va MDH davlatlariga eksport qilinadi.

Qiymati 21 million dollarlik “Vera Modern Elektrical” korxonasi 600 turdagi kabel va sim mahsulotlari ishlab chiqarilish, 4 million dollarlik eksport quvvatiga ega. Muhimi, mahsulotlarning 35-40 foizi import oʻrnini bosadi hamda mahalliylashtirish darajasi 70 foizga yetkaziladi.

Davlatimiz rahbari korxonalar mahsulotlarini koʻzdan kechirdi.

— Keyingi yillarda tadbirkorlarga yaratilgan sharoitlar bugun oʻz natijasini berayapti. Oʻzimizning ishbilarmonlar mana shunday koʻp xilda va yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarayapti. Bu imkoniyatlarni har yili kengaytirib boramiz. Chunki tadbirkor iqtisodiyot poydevori, davlat tayanchi, — dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev ishlab chiqarish faoliyati uchun tayyor bino-inshootlar qurish loyihasi bilan ham tanishdi. Texnopark ichida “Mimar Group” kompaniyasi tomonidan ikki qavatli majmua qurilib, kichik korxonalar va hunarmandlarga muddatli toʻlov asosida sotilmoqda. Ularning har birida alohida ishlab chiqarish va koʻrgazma maydonlari boʻladi. 

Bugungi kunda shunday binolarda umumiy qiymati 3 million dollarlik 4 ta loyiha — eshik-romlar, toʻqimachilik mahsulotlari, qurilish uchun profillar va quyosh panellari korxonalari ish boshlagan.

Prezidentimizga texnoparkdagi rejalar boʻyicha maʼlumot berildi. Jumladan, qurilish materiallari, elektrotexnika, logistika va xizmat koʻrsatish, tekstil va toʻqimachilik sanoati, oziq-ovqat sanoati kabi yoʻnalishlarda 386 million dollarlik 46 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, texnoparkdagi korxonalar uchun mutaxassislar tayyorlashda dual taʼlim yoʻlga qoʻyiladi.  
 
Umuman, texnoparkda 2025 yilda 235 million dollarlik 37 ta, 2026 yilda esa 50 million dollarlik 1 ta loyihalar ishga tushiriladi. Natijada 10 mingta yangi ish oʻrni va 35 million dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi.

Oʻtgan oʻn oyda Yangihayot tumanida 3 mingdan ziyod aholi doimiy ishga joylashtirilgan, 6  mingta oʻzini oʻzi band qilgan shaxs roʻyxatdan oʻtkazilgan.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.