Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 dekabr kuni mamlakatimizdagi faol tadbirkorlar bilan uchrashdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Videoselektor shaklida oʻtgan muloqotda sohani qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yil yakunlari va 2025 yilga moʻljallangan rejalar muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari nutq soʻzlab, bu boradagi asosiy maqsad va natijalarni koʻrsatib oʻtdi.
– Tadbirkorlikni rivojlantirish – biz uchun strategik vazifa. Bizning tayanchimiz ham, suyanchimiz ham, eng katta kuchimiz ham shu sohada mujassam. Shu bois tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash markazdan tortib eng quyi boʻgʻingacha – barcha rahbarlarning kundalik ishi boʻlishi shart. Ayniqsa, joylarda hokimlar har bir tadbirkor bilan koʻproq muloqot qilib, korxonalarga borib, ularning dardi bilan yashashi kerak. Biz katta iqtidor egalari boʻlgan biznes vakillarini asrashimiz, avaylashimiz zarur. Ular biz uchun juda qadrli insonlar, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ushbu ahamiyatdan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha jamoatchilik kengashi tuzilgan. Bu kengash davlat va tadbirkorlar oʻrtasida koʻprik boʻlib, aniq takliflarni bildirib kelmoqda. Joriy yilning oʻzida tadbirkorlar faoliyati uchun gʻoyat muhim boʻlgan 5 ta qonun, 101 ta farmon va qarorlar qabul qilindi.
Soʻnggi yillarda iqtisodiyotimizda pul koʻpaydi. Bu investitsiya loyihalarini barqaror moliyalashtirishga asos boʻlmoqda. Jumladan, korxonalarning banklardagi mablagʻlari 20 trillion soʻmga oshib, 107 trillion soʻmga, aholi omonatlari 25 trillion soʻmga koʻpayib, 105 trillion soʻmga yetgan.
Yil yakuni bilan ajratilgan jami kreditlar 275 trillion soʻmni tashkil qiladi. 2025 yilda bu 300 trillion soʻmdan oshishi hisob-kitob qilingan. Ayniqsa, kichik biznesga beriladigan kreditlar ulushi hozirgi 28 foizdan 40 foizga oshirilib, 120 trillion soʻmga yetkaziladi.
Tadbirkorlar ehtiyojidan kelib chiqib, banklar 2025 yilda chetdan davlat kafolatisiz 6 milliard dollar olib kelishni rejalashtirgan.
Faktoringga keng yoʻl ochilgani natijasida shu yilning oʻzida 100 million dollarlik bunday xizmatlar koʻrsatilgan.
Biznes uchun yoʻl, suv, elektr, gaz, temir yoʻl kabi infratuzilmalar uchun bu yil 35 trillion soʻm yoʻnaltirilgan. Kelgusi yil yana 43 trillion soʻm rejalashtirilgan.
Korxonalarni barqaror energiya bilan taʼminlash uchun elektr ishlab chiqarish 82 milliard kilovatt soatga yetdi. Bu yil ishga tushgan 6,3 milliard dollarlik 17 ta energiya quvvatlari hisobiga, kelgusi yilda qariyb 90 milliard kilovatt soat elektr ishlab chiqariladi. Bu ishlarni davom ettirib, 2025 yilda yana 6,4 milliard dollarlik 25 ta loyiha doirasida 4,8 gigavatt yangi quvvatlar barpo etiladi.
Hozirgi kunda yurtimizda mustaqil energiya ishlab chiqaruvchilar soni 24 taga yetdi. 2025 yilda ilk bor elektr energiyasining onlayn ulgurji bozori ishga tushadi. Tajriba sifatida Samarqand, Jizzax va Sirdaryodagi elektr tarmoqlari xususiy sektorga beriladi.
Turizm sohasi ham rivojlanmoqda. Tadbirkorlarning 6,5 trillion soʻm sarmoyasi bilan 24 ming oʻrinli mehmonxonalar ishga tushdi. Kelgusi yilda mehmon oʻrinlari yana 30 mingga oshadi. Bu yil ishga tushgan 17 ta yirik savdo va turistik maskan yoniga kelasi yili yana 25 ta shunday majmualar qoʻshiladi.
Savdoni rivojlantirish boʻyicha alohida kompaniya tashkil etilib, eksportni moliyalashtirish uchun 350 million dollar berildi. Natijada bu puldan berilgan har 1 dollar orqali tadbirkorlar 6 dollarlik eksport qildi. Kelasi yil yana 300 million dollar yoʻnaltiriladi.
Tadbirkorlar bu yili 11,5 trillion soʻmlik 3 mingta davlat mulki va 4 ming gektar yerni sotib olib, biznesini boshladi. Kelgusi yil yana 4,5 ming bino va 6 ming gektar yerlar tadbirkorlarga taklif qilinadi.
Uzoq yillardan beri davlat monopoliyasida boʻlgan yoʻllarni taʼmirlash va saqlashga xususiy sektorni jalb qilish kengaytiriladi. Bu yil 260 kilometr yoʻllarni saqlash ishlari tadbirkorlarga berildi. Kelasi yili bu 3 ming kilometrga yetkaziladi. Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida 86 ta tumanda quriladigan 841 kilometr yoʻllar toʻliq mahalliy pudratchilar tomonidan amalga oshiriladi.
Temir yoʻl sohasida raqamlashtirish va operatsion samaradorlikni oshirish hisobiga, yuk tashish muddatlari 40 foizga qisqardi. Muhimi, stansiyalarda yuklarni toʻlovsiz tushirish vaqti 2 soatdan 3 kunga uzaygani uchun tadbirkorlar yiliga 57 milliard soʻm tejayapti.
Aviatsiya sohasida xususiy kompaniyalar soni 14 taga yetdi. Qoʻshimcha 6 ta yuk va 16 ta yoʻlovchi havo kemasi olib kelindi. Buxoro, Namangan aeroportlari xususiy sheriklikka berildi, Andijon va Urganch aeroportlari boʻyicha tender davom etayapti.
Davlatimiz rahbari qulay va jozibador biznes muhitini saqlab qolish uchun barqaror soliq siyosati yuritilishini taʼkidladi.
Jumladan, hozirgi kunda byudjet tushumlari qanchalik zarur boʻlmasin, asosiy soliqlar boʻyicha stavkalar oʻzgarmaydi. Shuningdek, 1 yanvardan boshlab, yer yoki davlat mulki qoʻshilgan qiymat soligʻisiz sotiladi, mobil aloqa uchun aksiz soligʻi bekor qilinadi. Shahar chegarasidagi qishloq yerlariga 2 karra yer soligʻini hisoblash toʻxtatiladi. Nashriyot korxonalari foyda soligʻini toʻlashdan 5 yilga ozod etiladi.
Bundan tashqari, IT-park rezidentlariga barcha turdagi soliqlarni toʻlashdan ozod etish boʻyicha imtiyozlar 2040 yilgacha uzaytiriladi. Xususiy maktab va bogʻchalar, xorijiy oʻqituvchi va mutaxassislar uchun berilgan barcha soliq imtiyozlari 2030 yilgacha amal qiladi.
Maʼlumki, Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayoni yakuniy bosqichga kirayapti. Iqtisodiyotda bu tashkilot qoidalariga zid boʻlgan imtiyozlar bekor qilinayapti. Shu bois tadbirkorlarning adolatli raqobat muhitida ishlashi uchun barcha sharoitlar yaratilishi aytildi.
Biznes uchun transport va logistika masalasi juda muhim. Shu bois qoʻshni davlatlar bilan kelishilib, “Xonobod”, “Mingtepa”, “Qorasuv” va “Uchqoʻrgʻon” chegara postlari tiklandi. Kelgusi yilda “Gʻishtkoʻprik”, “Navoiy”, “Dovut-ota”, “Shovot” va “Gulbahor” chegara postlarida qoʻshimcha koridorlar qurilib, oʻtkazish quvvati 5 karra oshiriladi.
Umuman, murakkab geosiyosiy sharoitga qaramay, bu yil mamlakatimiz iqtisodiyoti 6,3 foizga oshib, 111 milliard dollardan koʻpaydi. Sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmatlar sohasiga 38 milliard dollar investitsiya kirdi, eksport 26 milliard dollardan oshdi.
Davlatimiz rahbari bu natijalarda, aholini ish bilan taʼminlash va kambagʻalchilikni qisqartirishda tadbirkorlarning oʻrni katta ekanini taʼkidlab, ularga minnatdorlik bildirdi.
Bu surʼatni davom ettirib, kelgusi yilda yalpi ichki mahsulotni 120 milliard dollarga va eksportni 30 milliardga yetkazish, 42 milliarddan ziyod investitsiya jalb etish moʻljallanmoqda.
Bu marralarga erishish uchun tadbirkorlikka yanada keng imkoniyatlar berish zarur. Uchrashuvda shular haqda fikr almashildi. Tadbirkorlar biznes qoidalarini soddalashtirish, xomashyoni chuqur qayta ishlab, yuqori qoʻshilgan qiymat va eksportni keskin oshirish boʻyicha takliflarini aytdi. Barcha fikr-mulohazalar ochiq muhokama qilinib, kerakli chora-tadbirlar belgilandi.
Avvalo, xususiy sektorda ishlovchi odamlarning daromadini koʻpaytirish muhimligi taʼkidlandi. Shu maqsadda, kamida 2,5 million soʻm oylik maosh toʻlaydigan, 15 foiz ishchisi ehtiyojmand oiladan boʻlgan, tayyor mahsulot chiqaruvchi toʻqimachilik va charm korxonalariga yengilliklar beriladi. Ularning foyda soligʻi ham, ishchisining daromad soligʻi ham 1 foiz boʻladi.
Davlatimiz rahbari shunday ijtimoiy mezon asosida boshqa tarmoqlarga ham qulaylik yaratishga tayyorligini bildirdi.
Endi tadbirkorlar bank krediti bilan cheklanib qolmasdan, xalqaro standartlarga moslashib, chetdan mustaqil mablagʻ olib kelishi kerak. Buning uchun xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilib, tadbirkorlarning tashqi moliya bozorlariga chiqishiga koʻmaklashuvchi markaz ochilishi aytildi.
Yurtimizda ishchilari 5 mingdan ziyod, yillik daromadi 1 trillion soʻmdan oshgan 142 nafar “chempion” tadbirkor bor. Ular “bir tarmoqdan – koʻp tarmoqli” korporatsiyaga aylanib, yondosh sohalar rivojiga ham katta hissa qoʻshayapti.
Bunday salohiyatli tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlab, boshqalarni ham ergashtirish maqsadida ularga yer va binoni toʻgʻridan-toʻgʻri berish, davlat korxonalarini ham uzoq muddatga boshqaruvga topshirish mumkin boʻladi.
Maʼlumki, dunyodagi 10 ta eng boy kompaniyaning 7 tasi axborot texnologiyalari va moliyaviy xizmat sohalaridan chiqqan. Yurtimizda ham bunday kompaniyalar koʻpayishi uchun qulayliklar oshiriladi. Xususan, ularga tadqiqot va rivojlanish markazlari (R&D) uchun laboratoriya jihozlarini, texnologik uskunalarni bojsiz olib kelishga ruxsat beriladi.
Mamlakatimizdagi mingga yaqin konlarda 100 dan ortiq turdagi mineral xomashyo zaxirasi mavjud. Ularning negizida yuqori qiymatli mahsulotlar tayyorlanishi uchun yanvarda 400 ta yangi kon auksionga chiqarilishi maʼlum qilindi.
Paxta va gʻalladan qisqaradigan yerlar 50 gektargacha yirik lotlarda auksionga qoʻyilib, sanoatlashgan plantatsiya qilish uchun professional investorlarga sotiladi. Bu yerlardagi 20 sotixgacha maydonda shok usulida muzlatish, saralash va qadoqlash sexlari qurishga ruxsat beriladi.
Tadbirkorlikka oid qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti va zamon talablariga moslashtirish maqsadida yangilangan Bojxona kodeksi loyihasi ishlab chiqilishi belgilandi.
Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari tadbirkorlarning loyiha va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga doim tayyorligini taʼkidladi.
– Oʻzbekistonda tadbirkorlik harakati orqaga qaytarib boʻlmaydigan katta kuchga aylandi. Biz davlat miqyosida qanday katta maqsad va vazifalarni oʻz oldimizga qoʻymaylik, ularni amalga oshirishda butun xalqimiz bilan birga, avvalo, sizlarga tayanamiz. Tadbirkorlarimiz qancha boy boʻlsa, xalqimiz shuncha farovon yashaydi, davlatimiz shuncha qudratli boʻladi. Tadbirkorning yutugʻi – bu butun xalqimizning yutugʻi, – dedi Prezident.