Shavkat Mirziyoyev Fargʻona shahridagi «Listem-Fergana» qoʻshma korxonasini borib koʻrdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Janubiy Koreya bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur qoʻshma korxonada rentgen asbob-uskunalari ishlab chiqariladi. Bu nafaqat yurtimiz, balki mintaqada yuqori texnologiyali tibbiy texnika tayyorlaydigan yagona zavod hisoblanadi.
Korxona loyihasining umumiy qiymati 8 million dollar boʻlib, yiliga ikki turdagi 300 dona renten apparati ishlab chiqarishga moʻljallangan. Birinchi bosqich doirasida 35 kishi ish bilan taʼminlangan. Yil yakuniga qadar yana yuzga yaqin ish oʻrni yaratilishi koʻzda tutilgan.
Hozirda keyingi bosqichni hayotga tatbiq etish ustida ish olib borilyapti. Buning natijasida yillik ishlab chiqarish quvvatini 500 donaga, mahsulotlar turini 10 dan oshirish rejalashtirilgan. Bu shu paytgacha katta valyuta mablagʻlari evaziga import qilinayotgan tibbiy uskunalar oʻrnini toʻldirish, ichki bozorni arzon va yuqori sifatli jihozlar bilan taʼminlashga xizmat qiladi. Korxona toʻla quvvat bilan ishlay boshlagach, mahsulotni eksportga yoʻnaltirish ham moʻljallangan.
«Listem-Fergana»ning rentgen uskunalariga hozirdanoq talab yuqori. Bu yerda ishlab chiqarilgan dastlabki «Smart DR» raqamli rentgen apparati chet ellardagi muqobillaridan uch barobar arzon. Masalan, uning narxi 50 ming AQSH dollarini tashkil etadi. «Philips» kompaniyasining shu kabi texnikasi 144 ming dollar, «Siemens» kompaniyasiniki esa 168 ming dollar atrofida baholanadi.
«Smart DR» rentgen apparatida soatiga 15 mijozni tekshiruvdan oʻtkazish mumkin. Olingan tasvirlar kompyuter xotirasida 5 yilgacha saqlanadi. Bu kasalliklar dinamikasini kuzatishda muhim ahamiyatga ega. Tasvirni internet orqali yuborish ham mumkin. Bu boshqa shifokorlar bilan masofadan turib maslahatlashish imkonini beradi.