Turkmaniston Prezidentining qarorgohi – “Oʻgʻuzxon” saroy majmuasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi boʻlib oʻtgach, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov tor doirada muzokara oʻtkazdilar, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlat rahbarlari qardosh xalqlarimiz oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilikka asoslangan ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy, energetika, transport-logistika, qishloq va suv xoʻjaligi sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muzokaralarning asosiy mavzusi boʻldi.
Keyingi yillarda amaliy hamkorlikning barcha yoʻnalishlarida katta natijalar boʻlgani taʼkidlandi. Oliy darajada erishilgan kelishuvlar “yoʻl xaritasi” asosida muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari, hududlari oʻrtasida muntazam muloqotlar va sermahsul almashinuvlar olib borilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov ushbu uchrashuv Oʻzbekiston bilan Turkmanistonning koʻp qirrali strategik sherikligi rivojiga yangi surʼat bagʻishlashiga ishonch bildirdilar.
Xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan batafsil fikr almashildi, jumladan, Markaziy Osiyoda hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.