Shavkat Mirziyoyev Xalqaro matematika maktabini borib koʻrdi

0
55
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qorakoʻl tumanidagi Xalqaro matematika maktabi faoliyati bilan tanishdi.

Bu muassasa 2009 yilda ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktabi shaklida tashkil etilgan. U yaqin-yaqingacha zamonaviy sharoitga ega emas edi. Ammo bu yerda yoʻlga qoʻyilgan oʻziga xos taʼlim uslubi oddiy qishloq maktabini mamlakat darajasidagi mashhur taʼlim dargohiga aylantirdi. Soʻnggi uch yilda maktab bitiruvchilarining barchasi oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kirdi, xalqaro olimpiadalardan eng koʻp medal olib kelmoqda. Mamlakatimizning barcha hududlaridan oʻquvchilar kelib oʻqimoqda.

Ushbu taʼlim maskani Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 avgustdagi qarori bilan Xalqaro matematika maktabi sifatida qayta tashkil etildi. Sobiq kasb-hunar kolleji binosi kapital taʼmirlanib, maktab ixtiyoriga berildi. Bu yerda barcha sharoitlar yaratilgan. 64 ta xona, sport zallari, kutubxona zamonaviy jihozlangan. Oʻquvchilar uchun yotoqxona qurilgan.

Maktabga oʻquvchilar iqtisodiyot, texnika va tabiiy fanlar boʻyicha Davlat test markazi testlari asosida 7-sinfdan qabul qilinadi. Hozir bu yerda 470 nafar oʻgʻil-qiz oʻqimoqda. Ularga 60 nafardan ziyod malakali oʻqituvchilar saboq berayotir.

Davlatimiz rahbari maktab jamoasi bilan suhbatlashdi.
 
– Hamma sohalarda katta islohotlarni boshladik. Xorijdan eng zamonaviy texnologiyalarni olib kelyapmiz. Ulardan foydalanish uchun ilm, salohiyatli kadrlar kerak. Sizlar qanchalik bilimli boʻlsangiz, boshlagan ishlarimiz samarali boʻladi, davlatimiz shuncha rivojlanadi. Taʼlim va muallimlarga doimiy eʼtibor qaratamiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu yerda xalqaro matematika maktabining tajribasini ommalashtirish, IT mutaxassislar tayyorlashga doir loyihalar taqdimot qilindi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.