Shavkat Mirziyoyev: Xalqimiz bizga eng katta boyligini – zurriyodini ishonib berayapti

0
129
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 5 aprel kuni xalq taʼlimi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligining tahlili yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Inson kapitalini rivojlantirish – Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasidagi yettita ustuvor yoʻnalishdan biri. Joriy yil 28 yanvar kuni boʻlgan yigʻilishda shu boradagi masalalar muhokama qilinib, koʻplab vazifalar belgilangan edi.

Oʻtgan ikki oyda mutasaddilar hamma hududlarga chiqib, joylardagi muammolarni oʻrgangan. Mamlakatimizdagi 852 ta maktabda taʼlim sifati, muallimlar salohiyati va oʻquvchilarning oliygohlarga kirish darajasi ancha pastligi aniqlangan.

Prezident maktablari, ixtisoslashgan va xususiy maktablarda ilgʻor metodikalar yoʻlga qoʻyilgan. Lekin qolgan maktablarning eng katta muammosi bu – oʻqitish metodikasining eskirganligi. Zamonaviy taʼlim uslublarini ularda ham joriy qilish boʻyicha tashabbuslar yoʻq.

Maktablarni kompyuter bilan taʼminlash boʻyicha mablagʻlar ajratilgan boʻlsa-da, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan va Toshkent viloyatlarida ishlar sust ketayapti. Olis va chekka hududlardagi maktablarda taʼlim sifati qoniqarsiz ahvolda.

Maʼlumki, yil boshida Maktab taʼlimini isloh qilish kengashlari tuzilgan edi. Viloyat, tuman va shahar hokimlari joylardagi shunday kengashlar rahbari hisoblanadi. Shu bois yigʻilishda taʼlim rivoji past boʻlgan hududlar hokimlari ogohlantirildi.

– Agar rahbarlar, muallimlar yangi Oʻzbekistonga munosib harakat qilsa, farzandlarimizni davr talabiga mos oʻqitishimiz mumkin. Xalqimiz bizga eng katta boyligini – zurriyodini ishonib berayapti. Bu juda katta masʼuliyat. Shuni his qilib, oʻzimizni qiynab, maktabni isloh qilsak, kelajakka zamin yaratamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari maktab oʻqituvchilarini yangi metodika asosida qayta tayyorlash boʻyicha umummilliy loyiha boshlanishini eʼlon qildi.

Ushbu yangi tizim doirasida kelgusi 3-4 yilda maktablardagi barcha sinf oʻqituvchilari yangi metodika asosida oʻqitiladi. Buning uchun har bir hududdagi Malaka oshirish markazlari negizida pedagoglarni yangi metodikalarga oʻrgatuvchi Milliy taʼlim markazlari tashkil etiladi. Ularga aniq va tabiiy fanlar boʻyicha xorijdan eng malakali mutaxassislar jalb qilinadi.

Har bir viloyat kesimida “trenerlar guruhi” shakllantirilib, ular joylarda maktab oʻqituvchilarining malakasini oshirib boradi. Ularning oylik ish haqiga 100 foizgacha ustamalar toʻlanadi.

Hokimliklar Xalq taʼlimi vazirligi bilan birga, har bir tuman va shaharda kamida 20 foiz maktabda, yil yakuniga qadar ilgʻor metodikalarni joriy etishni boshlaydi. Bu yangi tizimni joriy qilish uchun 100 million dollar qoʻshimcha mablagʻ yoʻnaltiriladi.

Shuningdek, Abdulla Avloniy nomidagi institut Respublika milliy taʼlim markazi sifatida qayta tashkil etiladi va Toshkent davlat pedagogika universiteti bilan yagona tizimga birlashtiriladi.

Umuman, yangi metodikalarga oʻqitish tizimi Milliy taʼlim markazi va Toshkent davlat pedagogika universitetidan boshlanadi. Universitet Xalq taʼlimi vazirligi tarkibiga oʻtkaziladi, maktab oʻqituvchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha respublikadagi tayanch muassasaga aylantiriladi.

Hududlarda faoliyat yuritayotgan pedagogika institutlari bosqichma-bosqich universitetlar tarkibidan alohida ajratilib, mustaqil taʼlim dargohiga aylantiriladi.

Yigʻilishda yoshlar tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratildi. Maktablarda maʼnaviy muhitni tubdan yaxshilash boʻyicha yangi konsepsiya ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Maktablardagi maʼnaviyat targʻibotchilariga talablarni qayta koʻrib chiqib, bu vazifaga mahalla va jamoada obroʻsi yuqori insonlarni tayinlash, namunali oʻquvchi va ota-onalarni ragʻbatlantirib borish zarurligi taʼkidlandi.

Bugungi kunda yurtimizda 120 ta maktab 3-4 koeffitsiyentda ishlamoqda. Yaʼni oʻquvchi soni sigʻimga nisbatan juda koʻp. Prezidentimiz ushbu maktablarda sharoitni yaxshilash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Kelgusi oʻquv yili boshlanguncha 960 ta maktab kompyuter sinfi bilan taʼminlanishi, 740 tasi yangidan jihozlanishi qayd etildi.

Umuman, 5 mingdan ortiq kompyuter sinflarini yangilash boʻyicha alohida dastur qabul qilinishi belgilandi. Bunga respublika byudjetidan 200 milliard soʻm, mahalliy byudjetlardan ham 200 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga maktablar uchun alohida imtiyozli tariflar ochish, oʻquvchi soniga qarab, maktablarda internet tezligini sekundiga 100 Megabitgacha koʻpaytirish vazifasi qoʻyildi. 

Maktabdagi taʼlim ham, muhit ham koʻp jihatdan direktorlarga bogʻliq. Shu bois maktab direktorlarini sertifikatlash tizimini joriy etish zarurligi aytildi. Bundan buyon, direktorlikka nomzodlar ushbu tizim orqali tanlanadi.

Davlatimiz rahbari tabiiy va aniq fanlarni oʻqitishni rivojlantirish kerakligini aytgan edi. Shunga muvofiq, 193 ta taʼlim muassasasi negizida tabiiy va aniq fanlarga ixtisoslashgan maktablar tashkil etish rejalashtirilgan. Hokimlarga ushbu maktablarni taʼmirlab, barcha sharoitlarni yaratish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Yigʻilishda vazirlar va hokimlar, maktab direktorlari soʻzga chiqib, taklif va mulohazalarini bildirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.