Shavkat Mirziyoyev: Xalqimiz hammadan ziyrak va ulugʻdir

0
118
marta koʻrilgan.

Davlatimiz rahbari Murojaatnomada oʻtgan yili amalga oshirilgan ishlarni tanqidiy tahlil qilib, quyidagi xulosalarni taʼkidlab oʻtdi:

“Birinchidan, barcha darajadagi rahbarlar, erishilgan dastlabki ijobiy koʻrsatkichlarga mahliyo boʻlib, xotirjamlikka aslo berilmasligi kerak.

Yangi Parlament va Hukumatning kelgusi 5 yildagi faoliyatining pirovard maqsadi – Oʻzbekistonda yashayotgan koʻp millatli xalqimiz hayotini yuksaltirishdan iborat boʻlishi shart.

Shu munosabat bilan deputatlarimizga murojaat qilib, shuni aytmoqchiman. Saylovoldi uchrashuvlarida aholi tomonidan koʻtarilgan dolzarb masalalarni hal etish boʻyicha, aniq dastur va “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish hamda uni mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda toʻliq amalga oshirish zarur.

Aks holda, sizlarga ishonch bildirgan saylovchilar oldida deputatning obroʻsi boʻlmaydi, partiyaning mavqei tushib ketadi.

Chunki bugun xalqimizning tafakkuri ham, dunyoqarashi ham, talab va ehtiyojlari ham butunlay oʻzgargan. Xalqimiz hammadan ziyrak va ulugʻdir.

Ikkinchidan, boshqaruv tizimi sifatini oshirishda “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan asosiy tamoyilni amalda toʻliq taʼminlash boʻyicha hali koʻp ish qilishimiz zarur.

Virtual va Xalq qabulxonalariga yiliga 1 milliondan ziyod murojaat kelib tushayotgani, xalq bilan muloqotni yangi bosqichga olib chiqishni talab etadi.

Endi davlat idoralari rahbarlari va hokimlarning ushbu murojaatlarni qay darajada hal etayotgani boʻyicha hisobotini, parlament va xalq deputatlari kengashlarida muntazam eshitish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Mahalliy byudjetlarning qoʻshimcha daromadini taqsimlash, nafaqa oluvchilarni adolatli belgilash, ijro organlari rahbarlari ishiga baho berish, bundan buyon Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlar tahlili asosida amalga oshiriladi.

Har bir deputat Xalq qabulxonalari bilan doimiy ishlab, oʻz hududida yashayotgan aholi muammolarini yechishda faol ishtirok etishi, odamlarning dardu tashvishlarini tinglashi kerak.

Shunda deputatlar oʻz saylovchilariga bergan vaʼdalari ustidan chiqadi, xalqning ishonchini oqlaydi, mehrini qozonadi.

Shunda men ham, nafaqat Prezident, balki oddiy saylovchi sifatida sizlardan juda minnatdor boʻlar edim.

Uchinchidan, biz Oʻzbekistonni rivojlangan mamlakatga aylantirishni maqsad qilib qoʻygan ekanmiz, bunga faqat jadal islohotlar, ilm-maʼrifat va innovatsiya bilan erisha olamiz.

Buning uchun, avvalambor, tashabbuskor islohotchi boʻlib maydonga chiqadigan, strategik fikr yuritadigan, bilimli va malakali yangi avlod kadrlarini tarbiyalashimiz zarur.

Shuning uchun ham, bogʻchadan boshlab, oliy oʻquv yurtigacha, taʼlimning barcha boʻgʻinlarini isloh qilishni boshladik.

Nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatimiz aʼzolarining bilimi, saviyasini oshirish uchun avvalo ilm-maʼrifat, yuksak maʼnaviyat kerak.

Ilm yoʻq joyda qoloqlik, jaholat va albatta toʻgʻri yoʻldan adashish boʻladi”.

Tadbir davom etmoqda.


Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.