Shavkat Mirziyoyev: Xalqimiz salomatligi hamma narsadan ustun va qadrli

0
168
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 mart kuni tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqot oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Bu tadbirga uzoq tayyorgarlik koʻrilib, ham shifokorlar, ham bemorlarning fikrlari soʻralgan edi. Jami 25 mingdan ziyod murojaatlar qabul qilindi. Ularning 8 mingdan koʻpi shaxsiy boʻlib, joyida hal etilmoqda. 17 mingtasi esa tizimga oid masalalardir.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida ularni umumlashtirib, 7 ta muhim yoʻnalishni koʻrsatib oʻtdi. Birinchi yoʻnalish – birlamchi tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish, ikkinchisi – tez tibbiy yordamni rivojlantirish, uchinchisi – tibbiyot muassasalarining sharoitini yaxshilash, toʻrtinchisi – soha xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish, beshinchisi – shifoxonalarni malakali kadrlar bilan taʼminlash, oltinchisi – jamiyatda sogʻlom turmush madaniyatini oshirish, yettinchisi – kasalliklarning oldini olishga qaratilgan.

Prezident bu yoʻnalishlarning har biriga atroflicha toʻxtalib, yangi tashabbuslarni ilgari surdi.

Masalan, murojaatlarning 55 foizi birlamchi tibbiyot muassasalari haqida boʻlgan. Shu bois, joylarda poliklinikalar tarmogʻi yanada kengaytirilishi taʼkidlandi.

Xususan, 2 mingdan ziyod olis mahallalarda tibbiyot punktlari tashkil etiladi. “Qishloq shifokori” dasturi yanada takomillashtirilib, chekka hududlarda faoliyat olib borayotgan shifokorlarning oylik ish haqiga 2 million soʻmdan qoʻshimcha ustama toʻlanadi, uy-joy sotib olishiga koʻmaklashiladi. Bunday joylarda uzluksiz uch yil ishlagan shifokor klinik ordinaturaga imtihonsiz qabul qilinadi. Nafaqaga chiqqan tajribali shifokorlarga oʻz uyida yoki ijara binoda davolashiga ruxsat beriladi.

Ikkinchi yoʻnalishga asosan, tez tibbiy yordam sifatini yaxshilash, ularni aholiga yanada yaqinlashtirish uchun alohida dastur qabul qilinadi. Eng avvalo, “103” tez tibbiy yordam xizmati respublika, viloyat, shahar va tuman darajasida yagona boshqaruv tizimiga birlashtiriladi. Tez yordam tuman yoki viloyat chegarasiga qarab emas, balki bemorgacha masofaning yaqinligiga qarab xizmat koʻrsatadi. 2022-2025 yillarda tez tibbiy yordam tizimidagi barcha eskirgan mashinalar zamonaviy avtomobillarga almashtiriladi.

Soʻnggi besh yilda 2 mingga yaqin tibbiyot muassasasi qurilib, taʼmirlandi. Bu ishlar davom ettirilib, 1 ming 100 ta shifo maskanidagi sharoitlar yaxshilanadi. Birlamchi boʻgʻindan boshlab, tibbiyotning barcha sohalarini raqamlashtirish boʻyicha dastur qabul qilinadi. Ikki yil ichida barcha tibbiyot muassasalari yangi kompyuterlar bilan jihozlanadi. Qogʻozbozlik qisqartirilib, zamonaviy uslub va uskunalarda ishlashga oʻtiladi.

Toʻrtinchi yoʻnalishda tibbiyot xodimlarini qoʻllab-quvvatlash choralari belgilandi. Joriy yil 1 iyundan tibbiyot xodimlarining oylik maoshi malaka toifasiga qarab 15 foizgacha oshiriladi. Yuqori texnologik murakkab operatsiyalarni bajargan shifokorlarga esa yana 25 foiz miqdorida ustama toʻlanadi. Barcha tibbiyot xodimlari uchun dastlabki va davriy kasbiy tibbiy koʻrik bepul oʻtkaziladi.

Sohani malakali kadrlar bilan taʼminlash ham dolzarb masalalardan. Tizimdagi shifokorlarning 45 foizi, hamshiralarning esa 40 foizi malaka toifasiga ega emas. Koʻp muassasalarda mutaxassis yetishmaydi.

Shu bois 2022-2023 oʻquv yilidan tibbiyot oliygohlariga davlat grantlari asosida qabul kvotalari hududlarda shifokorlarga boʻlgan haqiqiy ehtiyojdan kelib chiqib, maqsadli oshirib boriladi. Tibbiyot oliygohlarida olti oylik ixtisoslashgan kurslar tashkil etilib, oilaviy shifokorlarni hududlarda zarur mutaxassislik boʻyicha maqsadli oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi. Barcha tibbiyot kollejlari va texnikumlari oliy taʼlim muassasalariga biriktiriladi.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotlariga koʻra, inson salomatligi 19 foiz tashqi muhitga, 20 foiz genetik omillarga, 9 foiz sogʻliqni saqlashni tashkil etish va 52 foiz turmush tarziga bogʻliq. Shu bois oltinchi yoʻnalish jamiyatda sogʻlom turmush madaniyatini oshirishga qaratilgan.

Joriy yildan boshlab, tibbiy brigada, oilaviy shifokor punkti va poliklinikalar ish samaradorligini baholash boʻyicha reyting tizimi joriy qilinishi aytildi. Ijobiy koʻrsatkichlarga erishgan tibbiyot xodimlari mukofotlanadi. “Xalq salomatligi posboni” koʻkrak nishoni taʼsis etiladi.

Yettinchi yoʻnalishda kasalliklarning oldini olish vazifalari koʻrsatib oʻtildi. Shu maqsadda tibbiyot tizimi “mablagʻni bevosita bemorga sarflash” tamoyili asosida moliyalashtirilishi belgilandi. Tibbiy sugʻurta tizimi yil yakuniga qadar Sirdaryo viloyatida, kelgusi yillarda barcha hududlarda yoʻlga qoʻyiladi. Tibbiyot sohasida yagona tibbiy maʼlumotlar bazasi yaratilib, tibbiy-iqtisodiy, statistik va analitik tahlillarni oʻtkazish imkonini beradigan milliy tizim joriy etiladi.

Prezidentimiz maʼruzasida aytilgan har bir vazifa boʻyicha aniq moliyaviy manbalar, texnik yechimlar va amaliy mexanizmlar belgilandi.

– Biz xalqimiz salomatligi uchun har qancha mablagʻ va kuch-imkoniyat sarflashga tayyormiz. Shaxsan men uchun xalqimiz salomatligi hamma narsadan ustun va qadrli. Lekin sohaga ajratilayotgan mablagʻlardan toʻgʻri foydalanilyaptimi? Meni shu savol koʻp oʻylantiradi. Soha rahbarlari har bir soʻmning qadriga yetishi, ularning samarasini odamlarimiz oʻz hayotida his etishi lozim, – dedi Prezident.

Tizimda korrupsiyaga butunlay chek qoʻyish zarurligi taʼkidlandi. 

– Shifokorning nafaqat ustidagi xalati, eng avvalo, koʻngli ham, qoʻli ham pok boʻlishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Ochiq muloqotda shifokorlar soʻzga chiqib, faoliyatida duch kelayotgan muammolar, taklif va mulohazalarini aytdi. Prezidentimiz ularni mutaxassislar ishtirokida muhokama qilib, mutasaddilarga koʻrsatmalar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.