Toshkent shahridagi “Humo Arena” majmuasida 21 mart kuni Navroʻz bayrami shodiyonasi boʻlib oʻtdi. Tantanali tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, xalqimizni bayram bilan tabrikladi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Navroʻzda tabiatda roʻy beradigan uygʻonish va yangilanish yurtimizdagi oʻzgarishlarga uygʻun. Soʻnggi besh yilda Harakatlar strategiyasi asosida barcha sohalar rivojlantirildi, hududlar qiyofasi yangilandi.
Bunday ishlarni davom ettirish maqsadida joriy yilda Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi hamda “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” dasturi qabul qilindi.
— Mehnatkash va olijanob xalqimiz milliy rivojlanishning yangi davriga ulugʻvor maqsad va amaliy ishlar bilan kirib bormoqda, — dedi davlat rahbari.
Buning tasdigʻini har bir oila, har bir mahalla, qishloq va ovullar, shaharlarimiz misolida yaqqol koʻrish mumkin. Yurtimizda yuzlab zamonaviy korxonalar, yoʻl va kommunikatsiya tarmoqlari, uy-joylar, yangi bogʻcha va maktablar, oliygohlar hamda madaniyat maskanlari, tibbiyot va sport inshootlari barpo etilmoqda.
Barcha hududlarda “Yangi Oʻzbekiston” bogʻlari, “Yangi Oʻzbekiston” massivlari bunyod qilinmoqda. “Obod mahalla” va “Obod qishloq” dasturlari qatorida, butun mamlakatimiz boʻylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Shu kunlarda odamlar hasharlar qilib, koʻchat va gullar ekib, yangi bogʻlar, sayilgohlar yaratmoqda. Aytish mumkinki, ayni paytda butun mamlakatimiz bayram kayfiyati va bunyodkorlik ruhi bilan yashamoqda.
Prezident oʻz tabrigida Navroʻzning mohiyati, mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalikning qadri haqida alohida toʻxtaldi.
— Navroʻzi olam bizni tabiat farzandi boʻlib, Vatan tuprogʻini, ona zamindagi har bir giyohni, koʻzimizga toʻtiyo qilib yashashga oʻrgatadi. Navroʻz hammamizga insoniylik, mehr-oqibat va bagʻrikenglik fanidan saboq beradi. Shu fayzli lahzalarda barchamiz tinchlik va osoyishtalik naqadar bebaho neʼmat ekanini, uning qadr-qimmati va ahamiyatini yaxshi anglaymiz. Bugungi murakkab dunyoda xalqimiz hayotini, farzandlarimiz kelajagini, musaffo osmonimizni asrab-avaylash uchun har birimiz masʼul va javobgar ekanimizni yanada chuqurroq his etamiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari bayramda ishtirok etayotgan diplomatik korpus vakillarini, chet ellardagi vatandoshlarimizni ham samimiy tabrikladi.
Shuningdek, 22 mart kuni nishonlanadigan Mahalla kuni munosabati bilan ushbu tizim faollari, oqsoqollar, hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari qutlandi.
Bayram tadbiri katta konsert dasturi bilan davom etdi.
Ushbu tantanadan soʻng, Prezident Shavkat Mirziyoyev Navroʻz saylida ishtirok etdi, milliy madaniyat markazlari, folklor-etnografik jamoalar chiqishlarini kuzatdi.
Navroʻz mamlakatimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillarining sevimli bayramiga aylangan. Sayilda ana shu ahillik, yurtimizdagi millatlararo doʻstlik yaqqol namoyon boʻldi.
Prezidentimiz bayramga kelgan odamlar bilan suhbatlashib, ularni tabrikladi.