Shavkat Mirziyoyev: Xorazmda yurib, mablagʻlar berib, rejalar tuzishdan maqsad–odamlarni, ayniqsa, ayollar va yoshlarni ish bilan taʼminlash

0
147
marta koʻrilgan.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev  joriy yil may oyida foydalanishga topshirilgan Urganch shahridagi texnoparkda boʻldi.  Qisqa vaqtda bu yerda ikkita korxona faoliyat boshladi. Ular kiyim-kechak ishlab chiqaruvchi «Oq oltin mega tekstil» hamda metalldan turli mahsulotlar tayyorlaydigan «Great Khorezm” shirkatlaridir, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Prezidentimiz tekstil korxonasi mahsulotlarini koʻzdan kechirdi. Mazkur shirkatga Germaniya, Italiya, Turkiya kabi davlatlardan keltirilgan tikuvchilik dastgohlari oʻrnatilgan. Bolalar va kattalar kiyimlari, jinsi shim kabi 100 dan ortiq turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilib, 75 foizi eksportga yoʻnaltirilmoqda.

Korxonada Urganch va Xiva shaharlari, Yangiariq, Xonqa va Urganch tumanlaridan 400 nafar xotin-qiz mehnat qilmoqda. Davlatimiz rahbari ular bilan suhbatlashdi.

– Sizlarni koʻrganimdan, mana shunday hunar egallab, oʻzlaringga yoqqan fabrikada ishlayotganlaringdan xursandman. Odamlarni, ayniqsa, ayollar va yoshlarni ish bilan taʼminlash boʻyicha katta harakatlar qilyapmiz. Bugun-erta Xorazmda yurib, mablagʻlar berib, rejalar tuzishdan maqsad ham shu, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz uyda oʻtirgan ayollarni kasanachilik asosida ham ishga jalb etish muhimligini taʼkidladi.

Bugungi kunda texnoparkning qolgan bloklariga ham uskunalar olib kelinmoqda. Majmua toʻliq ishga tushgach, yiliga qariyb 87 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilishi, 5,8 million dollarlik eksport qilinishi moʻljallangan.

Shu yerda Xiva shahri va Gurlan tumani misolida infratuzilmani yaxshilab, turizm va tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish loyihalari muhokama qilindi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.