Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 22 sentyabr kuni Xiva shahrida Xorazm viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
Uchrashuvni nomzodning Xorazm viloyati boʻyicha ishonchli vakili A.Vafoyev ochdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev oʻzining saylovoldi dasturi yuzasidan maʼruza qildi.
Bu dastur mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtarishga qaratilgan oʻnta ustuvor yoʻnalishdan iborat. Bular — iqtisodiyotni ilm va yuqori texnologiyalar asosida rivojlantirish, faol tadbirkorlik va manzilli moliyaviy koʻmak orqali kambagʻallikni qisqartirish, qishloq xoʻjaligida samaradorlikni oshirish, taʼlim sifatini yaxshilash va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, aholi salomatligini mustahkamlash, hududlarni mutanosib rivojlantirish, davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, adolat va qonun ustuvorligini taʼminlash, ochiq va pragmatik tashqi siyosat yuritish, madaniy-maʼnaviy sohalarni yuksaltirish yoʻnalishlaridir.
Xorazm viloyatidagi oʻzgarishlar qayd etib oʻtildi. Oxirgi besh yilda sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi sohalarida umumiy qiymati 2 milliard dollar boʻlgan 7 mingdan ziyod investitsiya loyihalari amalga oshirilgan. 141 mingta yangi ish oʻrni yaratilgan. Turizm sohasida 80 ta yangi mehmonxona qurilgan. Toshsoqa irrigatsiya tarmogʻi rekonstruksiya qilingani natijasida 191 ming gektar yerga suv yetib borgan. 12 ming xonadonli uy-joylar barpo etilgan.
Nomzod kelgusi besh yillikka moʻljallangan dasturini ham bayon etdi. Xususan, bu davrda viloyatda 250 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratish maqsadi qoʻyilgan. Ularning 100 mingi mahallalarda tadbirkorlikni keng joriy etish orqali tashkil etiladi. Turizm xizmatlarini kamida 5 barobarga oshirish boʻyicha alohida dastur qabul qilinadi. 12 ming gektar paxta va gʻalla maydonlari qisqartirilib, aholiga ochiq tanlov asosida ijaraga beriladi. Shuningdek, transport, taʼlim, tibbiyot, ekologiya va boshqa ijtimoiy sohalardagi rejalar ham maʼlum qilindi.
— Xorazm viloyatida amalga oshiradigan barcha islohot va loyihalarimiz hududning iqtisodiy oʻsish surʼatlarini yuksaltirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining bandligini taʼminlash orqali inson qadrini ulugʻlash, xalqni rozi qilishga qaratilgan. Mana shunday ulkan-ulkan rejalarni amalga oshirish uchun bizda barcha imkoniyatlar – tabiiy resurslar ham, iqtisodiy, insoniy, intellektual va maʼnaviy salohiyat ham yetarli, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uchrashuvda partiya vakillari soʻzga chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Shavkat Mirziyoyev nomzodini qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi va boshqalarni ham shunga chaqirdi.