Shavkat Mirziyoyev xorijiy davlatlar elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi

0
138
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 may kuni Gruziya, Amerika Qoʻshma Shtatlari va Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchilari etib tayinlangan Zurab Abdushelishvili, Deniyel Rozenblyum va Kan Chje Kvondan ishonch yorliqlarini qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.     

Davlatimiz rahbari elchilarni mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini boshlagani bilan samimiy tabriklab, ularga ushbu sharafli va masʼuliyatli vazifada muvaffaqiyatlar tiladi.

Keyingi yillarda mamlakatimiz xorijiy sheriklar bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan faol tashqi siyosat olib borayotgani alohida taʼkidlandi.

Markaziy Osiyo va MDH davlatlari, Amerika, Yevroosiyo va Afrikaning yetakchi mamlakatlari bilan munosabatlar mustahkamlanib, amaliy hamkorlik tobora faollashayotgani bundan dalolat beradi.

Bundan tashqari, «yoʻl xaritalari» asosida nufuzli xalqaro tashkilotlar va mintaqaviy tuzilmalar bilan uzoq muddatli sheriklik aloqalari kengaymoqda.

Prezidentimiz oʻz nutqida yangi elchilar vakillik qilayotgan davlatlar bilan koʻp qirrali hamkorlikning istiqbollariga toʻxtalib oʻtdi.

Oʻzbekiston bilan Gruziya oʻrtasidagi, avvalo siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlar rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Keyingi yillarda parlamentlararo aloqalar ham faollashdi.

Gruziya bilan tovar ayirboshlashni koʻpaytirish, sanoat, transport, logistika va turizm sohalarida kooperatsiyani kuchaytirishga qaratilgan aniq loyihalarni ilgari surish muhimligi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston Respublikasi va Amerika Qoʻshma Shtatlarining doʻstlik va har tomonlama hamkorlik ruhidagi ikki tomonlama munosabatlarida yuksak darajaga erishilganini yuqori baholadi.

Oʻtgan yil may oyida AQSHga amalga oshirilgan oliy darajadagi tarixiy tashrif mamlakatlarimiz strategik sherikligida yangi bosqichni boshlab berdi.

Bugun barcha darajalardagi muloqot va almashinuvlar faollashgani kuzatilmoqda. AQSH savdo vaziri Uilbur Ross, kongressmenlar Trent Kelli va Visente Gonsales, Missisipi shtati gubernatori Filipp Brayant va boshqalar boshchiligidagi yuqori darajadagi delegatsiyalarning mamlakatimizga tashriflari samarali boʻldi.

Amerikaning yetakchi kompaniya va banklari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik kengaymoqda, madaniy-gumanitar aloqalar mustahkamlanmoqda, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlarini taʼminlash sohasida, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar boʻyicha konstruktiv muloqot amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari Koreya Respublikasi bilan munosabatlarda alohida strategik sheriklikka erishilganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Janubiy Koreya Prezidenti Mun Chje Inning oʻtgan oyda Oʻzbekistonga davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni yanada yuksak bosqichga olib chiqib, ularni yangi amaliy mazmun bilan boyitdi.

Mamlakatimiz Koreya Respublikasi rahbariyatining Koreya yarimorolida tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash borasidagi izchil siyosatini qatʼiy qoʻllab-quvvatlayotgani taʼkidlandi.

Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, innovatsiya va investitsiyalar, transport va kommunikatsiyalar, infratuzilmani modernizatsiya qilish, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va boshqa yoʻnalishlarda qoʻshma dastur va loyihalarni oʻz vaqtida tayyorlash va sifatli roʻyobga chiqarish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Prezidentimiz yangi tayinlangan elchilar faol diplomatik faoliyati bilan mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar, sheriklik va koʻp qirrali hamkorlikni mustahkamlashga munosib hissa qoʻshishlariga ishonch bildirdi. 

Oʻz navbatida, Favqulodda va muxtor elchilar davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun yana bir bor minnatdorlik bildirib, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yoʻlida samarali davlatlararo munosabatlarni izchil rivojlantirishga bor kuch-gʻayratini safarbar qilishini qayd etdilar.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.