Toshkent viloyati faollari bilan yigʻilishda davlatimiz rahbari «Mehr» operatsiyasiga ham toʻxtalib oʻtdi.
— Mana, 156 nafar yurtdoshimizni Yaqin Sharqda urush boʻlayotgan joydan olib keldik. Xoʻsh, ular nima uchun ketgan? Ahvolimiz xarob boʻlgani uchun, sharoit boʻlmagani uchun ketgan. Lekin u yerda nima boʻldi? Xotin-qizlarimizni sotishdi, beshta bola beshta otadan, 14 yoshli qiz tuqqan. Shu holat bizga yarashadimi?
Ularni Vatanga olib kelish juda qiyin boʻldi. Qancha davlatlar bilan gaplashdik. Samolyotni u yoqqa qoʻndirish, terroristlarning qoʻlidan olib chiqish oson emas. Lekin qaytardik — nima boʻlgandayam ular bizning vatandoshimiz. Endi nima qilish kerak? Nuroniylar, jamoatchilik qayoqqa qarayapti? Kim buni tushuntiradi? Bunday narsalar hammamizni oʻylantirishi, qiynashi kerak, — dedi Prezident.