Shavkat Mirziyoyev: Yoshlar kelajagi bilan bogʻliq har qanday vazifa birlamchi ahamiyatga ega

0
123
marta koʻrilgan.

Yoshlar hayotida sanʼat, adabiyot, sport muhim oʻrin tutadi. Davlatimiz rahbari bu sohalarni rivojlantirish boʻyicha istiqboldagi vazifalarga toʻxtalib oʻtdi. 

– Kelgusi yili buyuk bobomiz Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlaymiz. Yoshlarimizga hazrat Navoiy ijodini chuqur oʻrgatishni tizimli yoʻlga qoʻyish muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun Alisher Navoiy asarlarining bugungi yoshlar tushunadigan ixcham namunalarini yaratib, turli mobil ilova va elektron dasturlar ishlab chiqish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Toshkent shahrida zamonaviy muhtasham kutubxona barpo etish taklifini bildirdi.

– Bu maʼrifat saroyi ilm-fanning soʻnggi yutuqlari asosida jihozlanadi. Bu dargohda yurtimiz va jahondagi eng nodir, noyob va bebaho asarlar jamlanadi. U buyuk ajdodlarimizning boy merosi va nomlarini butun dunyoga tarannum etadigan, barcha yurtdoshlarimiz, birinchi navbatda, siz, qadrli farzandlarimiz uchun chinakam ziyo maskaniga, gʻurur va iftixorimiz ramziga aylanadi, deb ishonaman.

Yaqinda mamlakatimizning sport hayotida quvonchli yangilik boʻldi. Osiyo Olimpiya Kengashining qaroriga koʻra, 2025 yilda Yoshlar oʻrtasidagi Osiyo oʻyinlariga Toshkent shahri mezbonlik qilishi belgilandi. Bu musobaqada Osiyo qitʼasidagi 45 ta davlat yoshlari 20 ga yaqin sport turi boʻyicha oʻzaro bellashadi.

– Bunday nufuzli xalqaro sport oʻyinlarining Oʻzbekiston tarixida birinchi marotaba oʻtkazilishi barchamizga faxr-iftixor bagʻishlaydi, albatta. Shu bilan birga, u bizga gʻoyat katta masʼuliyat ham yuklaydi. Mana, sizlar kabi navqiron va azamat yoshlarning oʻz kuch va mahoratini koʻrsatib, Vatanimiz bayrogʻini yuksakka koʻtarishlari uchun yana bir zoʻr imkoniyat, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ushbu sport bayramini yuksak saviyada oʻtkazish, Osiyo oʻyinlari dasturiga kiritilgan sport turlari boʻyicha tuman, shahar, viloyat va respublika chempionatlari, “Hokim kubogi” musobaqalarini tashkil etish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

– Yurtimizda yosh avlodning jismoniy va maʼnaviy yetuk boʻlib ulgʻayishi, jumladan, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil qilish, ommaviy sportga keng jalb etish maqsadida “Sogʻlom turmush tarzi” elektron platformasi ishlab chiqilmoqda. Piyoda va velosipedda yurishga moʻljallangan “Salomatlik yoʻlaklari” barpo etilmoqda, – dedi davlat rahbari.

Keyingi yillarda mahallalarda tashkil etilgan sport maydonchalari yoshlarning sevimli maskaniga aylandi. Bu ishlar davom etishi aytib oʻtildi. Ayni paytda, maktab sport zallaridan darsdan tashqari vaqtlarda ham unumli foydalanish choralari koʻriladi.

Forumda yoshlar maʼnaviyati bilan bogʻliq muammolar ham ochiq aytildi. Jahonda turli nizo va ziddiyatlar avj olayotgani, terrorizm, ekstremizm balosi va boshqa tahdidlar internet makoniga chuqur kirib, moslashib olgani taʼkidlandi.

– Mana shunday murakkab sharoitda yoshlarimiz sezgir va ogoh boʻlishi, har bir masalada, avvalo Vatan manfaatlarini oʻylab ish tutishi zarur. Ilm-maʼrifat va kasb-hunarga intilish, oilani muqaddas bilish, maʼnaviy poklik, kattalarga hurmat, kichiklarga shafqat, qadriyatlarimizga sadoqat kabi ezgu fazilatlar azaldan xalqimiz, millatimizning qonida boʻlib kelgan. Biz mana shunday bebaho merosimizni nafaqat asrashimiz, balki uni yanada boyitishimiz, kelgusi avlodlarga bezavol yetkazishimiz kerak.  Shu oʻrinda men hurmatli ota-onalar, bobolarimiz va momolarimizni, jonkuyar ustoz va murabbiylarni, muhtaram ziyolilarimiz, keng jamoatchiligimizni bu masalaga befarq boʻlmasdan, yoshlar tarbiyasiga qaratilgan ishlarimizni yanada kuchaytirishga daʼvat etaman.

Qanchalik qiyin boʻlmasin, biz yoshlar tarbiyasi boʻyicha oʻzimizga xos va taʼsirchan, bugungi kunga hamohang usullarni izlab topishimiz kerak. Jondan aziz farzandlarimizni buzgʻunchi va zararli gʻoyalar, jinoyatchilik, giyohvandlik, loqaydlik, maʼnaviy qashshoqlik kayfiyatidan asrashimiz zarur. Bunday salbiy holatlarni bartaraf etishda barchamiz, avvalo, siz, aziz yoshlar faol boʻlishingiz kerak. Xalqimizning maʼnaviy qudrati va boqiy anʼanalarini asrab-avaylash va butun dunyoga tarannum etishga sizlar albatta qodirsiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari forumda yoshlar kelajagi bilan bogʻliq har qanday vazifa birlamchi ahamiyatga ega ekanini alohida taʼkidladi.

– Yoshlar bilan ishlash Prezidentdan tortib vazirgacha, hokimdan tortib mahalla raisigacha – hammamizning eng asosiy ishimizga aylanishi zarur. Har qaysi hokim, har bir vazir, har qaysi mahalla raisi “Bugun men yoshlar uchun nima ish qildim? Ertaga farzandlarimiz manfaati uchun yana nima ish qilishim kerak?” degan savollarga javob beradigan, shunday eʼtiqod bilan yashaydigan vaqt keldi.

Aziz farzandlarim! Xalqimiz, Vatanimiz sizlardan buyuk ishlar kutayotganini hech qachon yodingizdan chiqarmang! Yurtning yuksak ishonchi va umidini toʻla oqlash, unga munosib boʻlish dunyodagi eng ulugʻ baxtdir. Shunday sharaf barchangizga nasib etsin, – dedi Shavkat Mirziyoyev soʻzining yakunida.

Prezidentimiz forumda yoshlar bilan ochiq muloqot qildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.