Yuqori Chirchiq tumanida “Astrum” IT akademiyasi ochildi. Davlatimiz rahbari Toshkent viloyatiga safari chogʻida bu yerda yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Ikki qavatli bino zamonaviy jihozlangan, 700 tadan ortiq kompyuter bilan taʼminlangan. U taʼlim va ishlab chiqarishni qamrab olgan klaster boʻladi. Yoshlar avval dasturlashni oʻrganib, keyin shu sohada ishlaydi. Ularning oʻzlashtirishini sunʼiy intellekt baholaydi.
Hozirgi kunda klasterda oʻqish istagida boʻlgan yoshlar saralab olinmoqda. Prezidentimiz ular bilan suhbatlashdi.
— Agar zamonga munosib boʻlaman, oʻz ishimni topaman, yaxshi yashayman desalaringiz, shu sohani oʻrganing. Kelajakka investitsiyangiz — shu. Ham bilim olib, ham amalda tatbiq qilib, oilangiz, el-yurtimizga koʻmakdosh boʻlasizlar, deb ishonaman, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mutasaddilarga shu yerda yoshlar uchun kovorking markaz, turar joy barpo etish boʻyicha koʻrsatma berildi.
— Biz uchun yoshlar siyosati — birinchi oʻrinda. Bu yerda iqtidorli, bilimli bolalar oʻqiydi. Ularga zamonaviy, erkin sharoit yaratish kerak. Uyi ham, ovqatlanishi ham, sporti ham, dam olishi ham shu yerda boʻlishi zarur. Davlat tashkilotlari, sanoat korxonalarining buyurtmalarini shakllantirib, bu mutaxassislarni ish bilan taʼminlash muhim, — dedi Prezident.