Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 aprel kuni pandemiya davrida aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlash va narx-navo barqarorligini saqlash masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida
Tadbir avvalida 27 aprel kechasi Buxoro, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlarida yuz bergan tabiiy ofat va uning oqibatlarini bartaraf etish chora-tadbirlariga hamda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash doirasida yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlarga alohida toʻxtalib oʻtdi, keng jamoatchilikka murojaat qildi. Davlatimiz rahbari, jumladan, shunday dedi:
– Xabaringiz bor, men kecha Buxoro viloyatida boʻlib, yuzaga kelgan vaziyat bilan yaqindan tanishdim. Bu masala boʻyicha tuzilgan Respublika komissiyasi va joylardagi masʼul mutasaddilar bilan birgalikda ushbu hududlarda amalga oshiriladigan barcha ishlarni batafsil muhokama qilib, tegishli chora-tadbirlarni belgilab oldik.
Mazkur viloyatlarda bir qator ijtimoiy soha obyektlari, tabiiy gaz va elektr tarmoqlariga, turar-joy binolari va madaniy meros inshootlariga, shuningdek, qishloq xoʻjaligi maydonlariga jiddiy talofot yetgan.
Shuni taʼkidlab aytmoqchimanki, davlatimiz, hukumatimiz tomonidan tabiiy ofatdan zarar koʻrgan tashkilot va xoʻjaliklarga, fuqarolarga yordam va koʻmak berish boʻyicha barcha chora-tadbirlar oʻz vaqtida amalga oshiriladi.
Takror aytaman, bironta ham yurtdoshimizni, bironta ham oilani ushbu kutilmagan falokat qarshisida yolgʻiz qoldirmaymiz.
Endi epidemiologik vaziyat va pandemiyaga qarshi kurash boʻyicha ishlarga toʻxtalsak.
Bugungi kunda mamlakatimiz boʻyicha ushbu kasallikka chalingan 1066 nafar yoki 55 foiz bemor toʻliq sogʻayganini alohida qayd etmoqchiman. Oxirgi 5 kunda – 505 nafar.
Qolgan 894 nafar bemorni ham davolash yuzasidan, oʻzimizda amaliy yordam berayotgan 18 nafar xitoylik, germaniyalik, koreyalik vrachlar hamda telemeditsina orqali boshqa yetakchi xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlik qilgan holda, barcha zarur choralar koʻrilmoqda.
Mamlakatimiz tibbiyot xodimlarining bugungi kunda kasallikka qarshi olib borayotgan mashaqqatli va oʻta masʼuliyatli mehnatini munosib qadrlash va ragʻbatlantirish uchun kuni kecha yana bir muhim qarorni imzoladim.
Unga koʻra, sanitariya-epidemiologiya xizmatining qariyb 11 mingga yaqin barcha toifadagi tibbiyot xodimlarining ish haqi 2,5 baravarga oshirildi.
Umuman, karantin qoidalarini oʻz vaqtida joriy etganimiz va xalqimiz unga sabr-toqat bilan amal qilayotgani tufayli koʻplab tuman va shaharlarda infeksiya tarqalishiga yoʻl qoʻymadik.
Qadrli yurtdoshlar!
Shu oʻrinda koʻnglimdagi bir fikrni jamoatchiligimiz, xalqimizga ochiq aytmoqchiman.
Mana, bir yarim oydan oshdiki, el-yurtimiz “Uyda qoling” degan daʼvatga amal qilib, yuksak jasorat koʻrsatib, yalpi karantin sharoitida yashamoqda. Oilam, bola-chaqam, deb tinib-tinchimaydigan, ertayu kech gʻayrat bilan mehnat qiladigan xalqimiz uchun bunday majburiy holat, albatta, oson kechayotgani yoʻq.
Yurtdoshlarimiz ogʻir sinov kunlarida chinakam sabr-toqat va masʼuliyat, mehr-oqibat fazilatlarini namoyon etyapti.
Buni jahon hamjamiyati ham tan olib, har tomonlama eʼtirof etmoqda.
Fursatdan foydalanib, pandemiyaga qarshi kurashning oldingi saflarida chinakam qahramonlik koʻrsatayotgan barcha shifokorlarimizga, shu jumladan, tez yordam xizmati xodimlari va haydovchilariga alohida minnatdorchilik bildiraman.
Shu jarayonda oʻzini ayamasdan xizmat qilayotgan huquq-tartibot idoralari xodimlariga, mard va jasur harbiylarimizga, vazirlik va idoralar, hokimliklarning rahbarlari va xizmatchilariga, muhtaram nuroniylarimiz va mahalla faollariga, saxovatpesha tadbirkorlarimizga, olimlarimiz, oʻqituvchi va domlalar, ijodkor ziyolilarimiz, imom-xatiblarimizga chin dildan rahmat aytaman.
Hozirgi murakkab sharoitda oʻz professional burchini vijdonan bajarayotgan ommaviy axborot vositalari vakillariga, insonparvarlik namunasini koʻrsatib, koʻngilli boʻlib volontyorlik harakatida qatnashayotgan fidoyi yoshlarimizga oʻz nomimdan, xalqimiz nomidan katta minnatdorchilik bildiraman.
Hurmatli doʻstlar!
Respublikamizda sanitar-epidemiologik vaziyat asta-sekin barqarorlashib borayotganini hisobga olib, mutaxassislar bilan maslahatlashgan holda, karantindan bosqichma-bosqich chiqish boʻyicha navbatdagi qadamlarni qoʻyish vaqti keldi.
Chunki hayot davom etmoqda.
Biz ertangi kun haqida, el-yurtimizning kelajagi toʻgʻrisida har daqiqa oʻylashimiz kerak.
Birinchidan, sanitariya-epidemiologiya holatining ijobiy dinamikasi, ob-havo sharoiti va fuqarolarning koʻplab murojaatlarini inobatga olgan holda, shahar va tumanlardagi koʻp qavatli uylarning ichki hovli va hududlarida ota-onalar hamrohligida bolalarini sayr qildirishga ruxsat berish kerak. Bunda xavfsizlik choralariga qatʼiy rioya qilish talab etiladi.
Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya ushbu topshiriqning ijrosini soʻzsiz taʼminlash chorasini koʻrsin.
Toshkent shahri bu borada namuna boʻlishi kerak.
Ikkinchidan, pishib yetilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari nobud boʻlishining oldini olish maqsadida aholi talablaridan kelib chiqib, fermer va dehqonlarimiz tomonidan yetishtirilgan meva-sabzavot, poliz va koʻkat mahsulotlarini joylarga yetkazish va sotish uchun viloyatlararo va shaharlararo qatnovlarni amalga oshirishga ruxsat berish lozim.
Misol uchun, ilgari Fargʻona vodiysidan Qamchiq dovoni orqali poytaxtimiz va boshqa viloyatlarga katta hajmda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetkazib berilar edi. Hozir bu yoʻl yopib qoʻyilgan. Yoki Samarqand viloyatidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Zarafshon shahri va boshqa hududlarga koʻplab mahsulotlar olib borilar edi. Bu ishlar ham hozir toʻxtab turibdi. Shuning uchun Bosh prokuror boshchiligidagi oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash komissiyasiga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini joylarga yetkazib berish boʻyicha 24 soat ishlaydigan uzluksiz tizim tashkil etish topshiriladi.
Ichki ishlar vazirligi dehqon va fermer xoʻjaliklarining avtotransport vositalarini hududlararo postlarda kutib olish, ularni tashkil etilgan yarmarkalar va savdo nuqtalariga tartib bilan kuzatib borishni taʼminlasin.
Davlat soliq qoʻmitasi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi sotish uchun olib kelinayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini joylarda aholi talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, savdo maydonchalari, yarmarka va bozorlarga yoʻnaltirib borsin.
Uchinchidan, aholi orasida kasallikka chalinish dinamikasi pasayib borayotganini inobatga olib, fuqarolarimiz tomonidan shaxsiy avtotransportdan foydalanishga cheklovlarni ham sekin-asta yumshatish maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.
Respublika komissiyasi tegishli cheklovlar oʻrnatilgan hududlarda aholi tomonidan ertalab soat 7:00 dan 10:00 gacha hamda kechqurun 17:00 dan 20:00 gacha shaxsiy avtomashinalardan foydalanishga ruxsat berilishini taʼminlasin.
Bunda:
shaxsiy avtotransportdan, birinchi navbatda, fuqarolarimizning ish joyiga, tibbiyot muassasalariga borishi va uyiga qaytishi, isteʼmol mahsulotlari, dori-darmon va tibbiy buyumlarni xarid qilishi uchun foydalanishi;
maxsus ruxsatnomalarga (stikerlarga) ega va yetkazib berish xizmatini koʻrsatayotgan fuqarolar esa shaxsiy avtotransportda hech qanday cheklovsiz harakatlanishi mumkinligi belgilansin.
Shu bilan birga, hurmatli olimlarimizga, ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlariga, professor-oʻqituvchilarimizga sanitariya-gigiyena normalarini taʼminlagan holda oʻz laboratoriya va kafedralarida kundalik ishlarini davom ettirishlariga ijozat berish maqsadga muvofiq boʻlar edi. Ular ilmiy va oʻquv jarayonlarini tashkil etishga asta-sekin tayyorgarlik koʻrib borishlariga, men oʻylayman, vaqt berishimiz kerak.
Albatta, vaziyatimiz yaxshilanib, ijobiy tomonga oʻzgarib borishi bilan, 10 maydan keyin biz karantin rejimini bosqichma-bosqich yumshatishga qaratilgan ishlarimizni yanada dadilroq davom ettiramiz.
Lekin takror va takror aytaman: hamma joyda sanitariya talablariga amal qilishga birinchi darajali masala deb qarashimiz kerak.
Mamlakatimizda pandemiyaga qarshi kurash borasida oʻtgan vaqt mobaynida muhim tajriba orttirildi. Endi undan yuqumli kasalliklarning oldini olish va ularga qarshi kurashish, sanitariya-gigiyena qoidalariga qatʼiy amal qilish hamda tibbiy madaniyatni oshirish yoʻlida samarali foydalanishimiz zarur.
Taʼkidlab aytaman, agar bu talablarga barchamiz qatʼiy amal qilmasak, sanitariya-karantin normalariga ahamiyat bermasak, shuncha qilgan ishlarimiz, koʻrgan chora-tadbirlarimiz zoye ketishi hech gap emas.
Eng asosiysi, har birimizning sogʻligʻimiz oʻzimizga va, ayni vaqtda, butun xalqimizning sogʻligʻi har birimizga, bizning ongu tafakkurimiz, tartib-intizom va sabr-bardoshimizga bogʻliq ekanini barchamiz hech qachon unutmasligimiz kerak.
Hurmatli selektor qatnashchilari!
20 apreldagi yigʻilishda virusdan xoli tuman va shaharlarda karantin qoidalariga qatʼiy amal qilgan holda, korxonalar faoliyatini tiklash boʻyicha topshiriq berilgan edi.
Bunda, yana bir bor takrorlayman, shoshilmasdan, puxta oʻylab, karantin qoidalariga toʻliq amal qiladigan korxonalar ishini tiklash lozim.
Bu borada Namangan viloyatida faoliyatini toʻxtatgan yoki past quvvatda ishlayotgan 10 mingdan ziyod korxonadan 2 ming 854 tasining ishini tiklash boʻyicha qaror qabul qilingan. Yana 851 tasining ishlashiga ruxsat berish masalasi oʻrganilmoqda.
Xorazm viloyatida 3 ming 350 ta ishlamayotgan korxonadan 448 tasining faoliyati tiklanadi, 409 tasi boʻyicha oʻrganish oʻtkazilmoqda.
Jizzax viloyatida ish quvvatini pasaytirgan 6 mingdan ziyod korxonadan 534 tasining faoliyatini tiklash boʻyicha qaror qabul qilingan, 332 tasiga ruxsat berish masalasi koʻrib chiqilmoqda.
Toshkent viloyatida ish hajmi keskin pasayib ketgan 14 mingta korxonadan 5 ming 399 tasining faoliyatini tiklash boʻyicha qaror qabul qilingan, 2 ming 833 tasi boʻyicha oʻrganish davom etmoqda.
Bugun hokimlar va sektor rahbarlari oʻz hisobotida korxonalar faoliyatini tiklash boʻyicha ishlarni qanday tashkil etgani va ularda karantin qoidalari toʻliq bajarilishini shaxsan kafolatlashi toʻgʻrisida axborot berishi kerak.