Shavkat Mirziyoyev: Yurtning kuchi birlikda, qadri esa tinchlikdadir

0
79
marta koʻrilgan.

Mamlakatimiz mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida bayram tantanasi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqimizni bu ulugʻ ayyom bilan tabriklab, nutq soʻzladi:

– Mana shu hayajonli daqiqalarda hammamiz milliy istiqlolimiz naqadar bebaho neʼmat ekanini, uning tarixiy ahamiyatini yanada chuqur his etmoqdamiz. Aynan mustaqillik tufayli milliy davlatchiligimiz qayta tiklandi. Oʻzbekiston yangi tarixiy davrga qadam qoʻydi. Aynan istiqlol tufayli Jahon hamjamiyatidan munosib oʻrin egalladik. Bu bilan har qancha faxrlansak, gʻururlansak arziydi, – dedi davlatimiz rahbari.

Har bir ish, har bir yutuqda istiqlolning buyuk qudrati yorqin namoyon boʻlayotgani, Vatanimiz dunyoga, dunyo esa yurtimizga keng ochilayotgani taʼkidlandi.

Xalqaro valyuta jamgʻarmasi eʼtirof etganidek, 2023 yilda yalpi ichki mahsulotimiz ilk bor 100 milliard dollardan oshdi. Jahon banki bu yil mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti 5,3 foizga oʻsishini prognoz qildi.

Barcha islohotlarning ruhi va mazmuniga “Inson qadri uchun, el-yurt baxti uchun!” degan ezgu gʻoya chuqur kirib bormoqda. Joriy yil sentyabr oyidan pensiya va nafaqalar miqdori, oktyabr oyidan esa byudjet xodimlari, shifokorlar va pedagoglar maoshi oshirilmoqda.

Tizim va eʼtibor barcha sohalarda oʻz natijalarini bermoqda. Yoshlar mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshmoqda. Bu sportda ham namoyon boʻlib, Parijda boʻlib oʻtgan XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlarida vatandoshlarimiz ulkan zafarlar qozondi. Shu kunlarda Paralimpiya oʻyinlaridan ham ketma-ket quvonchli xabarlar kelmoqda.

Prezidentimiz sportchilarni yana bir bor tabriklab, yanada yuksak marralarni egallashiga ishonch bildirdi.

Bugungi murakkab va tahlikali davrda tinchlikning ahamiyati ulugʻ ekaniga urgʻu berildi:

– Hayot qanchalik mashaqqatli boʻlmasin, mamlakatimizda demokratik islohotlarni izchil davom ettirib, xalqimizni rozi qilishga, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz. Lekin tinchlikni saqlash faqat harbiylarimizning ishi boʻlib qolmasligi kerak. Bu barchamizning, har bir Oʻzbekiston fuqarosining muqaddas burchi boʻlishi shart. Yurtning kuchi – birlikda, qadri esa tinchlikdadir, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

Ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, sifatli taʼlim tizimini yoʻlga qoʻyish borasidagi ishlar aytib oʻtildi. Mamlakatimiz istiqboli, barcha ezgu niyatlarimiz ijobati yoshlarning bilim va salohiyatiga bogʻliq ekani qayd etildi.

Iqtisodiyotda barchaga teng huquqlar taʼminlanib, mamlakatimiz xalqaro savdo makonining ajralmas qismiga aylantiriladi. Aholini munosib ish oʻrinlari bilan taʼminlashda tadbirkorlarga tayaniladi.

Oʻzbekiston hozirgi kunda aholi soni boʻyicha jahondagi eng yirik 40 ta davlatdan biri hisoblanadi. Bu raqamni islohotlar, mehnat, bilim va qobiliyat bilan katta salohiyatga aylantirish kerakligi taʼkidlandi.

Dengizga chiqish imkoniyatimiz cheklanganini inobatga olib, eʼtiborimizni kreativ sohalarga qaratishimiz, ularni jadal rivojlantirishimiz zarur. Jahonda kreativ sanoat mahsulotlari eksportidan yiliga milliardlab dollar daromad topayotgan mamlakatlar koʻp. Binobarin, shunday mahsulot ishlab chiqarishga bel bogʻlagan ijodkor ishbilarmonlarimizni, ayniqsa, yoshlarimizni har tomonlama ragʻbatlantiramiz, – dedi Prezident.

Rivojlanish oʻz-oʻzidan boʻlmaydi, jonkuyarlik, faollik, birdamlik bilan erishiladi. Shavkat Mirziyoyev nutqining yakunida jamiyatimizni shunga ruhlantirdi.

– Bugun shiddatli hayotning oʻzi barchamizni yanada ulkan marralar sari daʼvat etmoqda. Oʻz kuchimiz va salohiyatimiz bilan barpo etgan mustaqil davlat, erkin va ozod jamiyatni yanada kuchli, yanada goʻzal va obod etish bosh vazifamizga aylanmoqda. Bu shunday yuksak marraki, unga erishish uchun har qancha mehnat qilsak arziydi. Bu shunday buyuk, sharafli maqsadki, unga butun borligʻimizni baxsh etsak arziydi, – dedi davlatimiz rahbari.

Shundan soʻng tantanali konsert dasturi namoyish etildi. Kuy-qoʻshiqlarda xalqimizning boy sanʼati va qadriyatlari, folklor jamoalarning chiqishlarida millatlararo totuvlik yorqin namoyon boʻldi. Konsert televideniye va internet orqali toʻgʻridan-toʻgʻri namoyish etilib, vatandoshlarimizga bayramona kayfiyat ulashdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.