Maʼlumki, ushbu korxona 2014 yilda faoliyat boshlagan. Endilikda uni 3 bosqichda rivojlantirish rejalashtirilgan. Dastlab qishloq xoʻjaligi texnikalarini yirik boʻgʻinli yigʻish, ikkinchi pallada sanoat usulida yigʻish, uchinchisida esa ishlab chiqarishni mahalliylashtirish moʻljallangan.
Shu maqsadda joriy yilda Xitoyning XCMG korporatsiyasidan 4,3 million dollarlik texnologik yigʻuv liniyasi va uskunalar olib kelingan. Mazkur energiya tejamkor texnologiya mahsulot tannarxi pasayib, raqobatbardoshligi oshishiga xizmat qiladi. Import detallar oʻrni toʻldirilib, mahalliylashtirish darajasi 2021 yilda 51 foizga yetkaziladi. Shuningdek, hozir bu yerda 30 kishi mehnat qilayotgan boʻlsa, kelgusida yana 60 ta ish oʻrni yaratiladi.
Davlatimiz rahbari qishloq xoʻjaligi mashinalari yigʻuv-payvandlash uskunalarini, mahalliylashtirilgan texnika va ehtiyot qismlarni koʻzdan kechirdi.
– Bu zavodning imkoniyatlari juda katta, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Lekin ularni ishlatolmayapmiz. Shuning uchun bu yerda yana nimalar chiqarish mumkinligini va kelgusi yillarda chet eldan qanday texnikalar sotib olishga ehtiyoj borligini chuqur tahlil qilib, ularni shu yerga buyurtma berish, imkonsizlarini kooperatsiya asosida tayyorlash zarur. Bu zavod rivojlanib, Xorazm industriyasiga asos boʻlishi kerak.
Shu yerda Xorazm viloyatida ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari ham koʻzdan kechirildi.