Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning taklifiga binoan 31 iyul kuni rasmiy tashrif bilan Minskka keldi.
Minsk milliy aeroportida oliy martabali mehmonni Belarus Bosh vaziri Sergey Rumas, tashqi ishlar vaziri Vladimir Makey va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
Davlatimiz rahbari Minskka kelgach, anʼanaga koʻra, Belarus poytaxtidagi Gʻalaba monumentiga gulchambar qoʻydi.
Harbiy orkestr ijrosida ikki davlat madhiyalari yangradi. Faxriy qorovul askarlarining tantanali marshi boʻlib oʻtdi
Tashrifning asosiy voqealari bugun 1 avgust kuni boʻlib oʻtadi. Mustaqillik saroyida Oʻzbekiston va Belarus Prezidentlari tor va keng doirada muzokaralar oʻtkazadi.
Muzokaralar yakunida davlat rahbarlarining Qoʻshma bayonoti imzolanishi, Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasidagi koʻp qirrali sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan salmoqli hujjatlar toʻplami qabul qilinishi kutilmoqda.
Prezidentlar Minskda ochilgan Oʻzbekiston milliy sanoat koʻrgazmasiga tashrif buyuradilar. Tashrif dasturidan Belarus yuqori texnologiyalar parki faoliyati bilan tanishish ham oʻrin olgan.