Bugun Koʻksaroyda mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlangan koʻplab vatandoshlarimizga ushbu mukofotlarni topshirish marosimi boʻldi.
Davlatimiz rahbari “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan ilgʻor fermer, seleksioner olim Muhammad Ahmedovni, matematik olim, akademik Shavkat Ayupovni, atoqli adabiyotshunos, tarjimon va publitsist Ibrohim Gʻafurovni, xalq artisti Munojot Yoʻlchiyevani alohida tabrikladi.
Atoqli adabiyotshunos, tarjimon va publitsist Ibrohim Gʻafurov hamda Adiblar xiyobonidagi Navoiy haykali haqidagi dil soʻzlari yosh ijodkorlar uchun ezguliklarga undovchi oʻgitlardir.
Shavkat Mirziyoyev: Men “Boburnoma”ni koʻp-koʻp oʻqishga, Boburning hayot yoʻlini oʻrganishga harakat qilaman. Bilasizlarmi, Boburda umuman halovat boʻlmagan. Uning hayot yoʻli mashaqqatlar va kurashlarda oʻtgan, faqat mehnat qilgan. Ibrohim akaning ham hayotida halovati boʻlmagan, umri mehnatda oʻtgan. Hozirgi adabiyot sohasidagi barcha yozuvchi va shoirlarimiz bu insonni ustoz deydi. Bu insonga halollik va poklik boʻyicha munosib boʻlishga harakat qiladi.
Ochiq gap, men Erkin Vohidov va Abdulla Oripov bilan doʻst edim. Abdulla Oripov bilan Zomin maktabini tashkil qilgan edik. Erkin Vohidov bilan esa kechalari ham gaplashardik. Erkin akaning bir gaplari boʻlar edi: agar oʻzbek tilining buyukligini bilishni xohlasang, Ibrohimjondan soʻrash kerak, derdi. Sevib gapirardilar. Ibrohim aka adabiyotimizning ana shunday zabardast namoyandasi.
Ibrohim akaga oʻxshagan halol insonlar bizga oʻrnak boʻlishi kerak. Hayotda, mehnatda, umrda. Bitta stol, ruchka va bitta xona. Boshqa biror narsani bu inson oʻzi uchun ep koʻrmagan. Mana shunday inson albatta Oʻzbekiston Qahramoni boʻlishiga loyiq.
Soʻnggi yillarda yozuvchilar va shoirlarni qoʻlimizdan kelganicha qoʻllab-quvvatlayapmiz. Ularni oʻz binosi ham yoʻq edi, ijarada turishardi, mana, Vatanli boʻlishdi.
Adiblar xiyoboni tashkil qildik. Bu ham bejiz emas. Oʻzligimizni anglamoqchi boʻlganlar shu xiyobonga kelib koʻrsin, nurli boʻlib turgan Navoiy bobomizga qarasin. Nima uchun Navoiy bobomizni ham qiblaga qaratib, oʻzgartirdim. Chunki buni tagida ham ilohiy kuch bor.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining ushbu oʻgitlari yosh ijodkorlarni ezguliklar sari yoʻllaydi.
GUJUM.UZ