Shavkat Mirziyoyev: Abduxoliq Gʻijduvoniy majmuasi maʼrifat markazi boʻlishi kerak

0
159
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 mart kuni Buxoro viloyati Gʻijduvon tumaniga tashrif buyurdi.

Abduxoliq Gʻijduvoniy maqbarasi ziyorat etilib, Qurʼon tilovat qilindi.

Davlatimiz rahbari maqbarada amalga oshirilgan qurilish-taʼmirlash ishlarini koʻzdan kechirdi. Bu yerga imom-xatiblarni jalb etib, ularga allomalarimiz maʼnaviy merosini toʻgʻri va chuqur oʻrgatish, xalqimizga yetkazish boʻyicha topshiriqlar berdi. 

— Kitobda oʻqish boshqa, ziyorat qilib, yurakdan oʻtkazib oʻrganish boshqa. Bu joy maʼrifat markazi boʻlishi, odamlar oʻziga ilm olib ketishi kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Oʻtgan yil 16 fevral kuni viloyatga tashrif chogʻida Prezidentimiz «Yetti pir» maqbaralarini obod qilish, ularni bogʻlovchi turizm yoʻnalishi tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar bergan edi.

Abduxoliq Gʻijduvoniy mazkur yetti pirning birinchisi sanalib, Xojagon tariqati asoschisidir. Keyinchalik Orif Revgariy, Mahmud Fagʻnaviy, Ali Romitaniy, Muhammad Boboi Samosiy, Sayyid Amir Kulol bu maʼnaviy yoʻnalishni davom ettirib, Bahouddin Naqshband uni yuksak bosqichga olib chiqqan. Shu bois bu tariqat Naqshbandiya nomi ostida tanilgan. Qoʻshni mamlakatlar, gʻarbiy va janubiy Sharq davlatlari, hatto butun dunyoda bu aziz avliyolar qadamjolarini kelib koʻrish istagidagilar koʻp.

Shu yerda mazkur ziyoratgohlarda amalga oshirilgan va davom etayotgan taʼmirlash, obodonlashtirish ishlari haqida maʼlumot berildi.

Davlatimiz rahbari bu maskanlarni obod qilish bilan birga «Yetti pir» haqida kitob yaratish, ularning ilmiy merosini targʻib etish zarurligini taʼkidladi.

— Bunday maʼnaviy xazina boshqa hech qayerda yoʻq. Bu xazinani mukammal oʻrganish, odamlarga, yoshlarga oson tilda yetkazish kerak. Maqsadimiz — yoshlarimiz oʻzimizning allomalarga ergashsin, merosini bilsin, ular bilan faxrlansin.

Mamlakatimizda maʼrifiy islomni rivojlantirish, buyuk allomalar maqbaralarini obod qilishga qaratilayotgan eʼtibor xalqaro miqyosda tan olinmoqda. Xususan, Islom hamkorlik tashkilotining Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti — ISESCO tomonidan Buxoro shahri 2020 yilda Islom madaniyati poytaxti deb eʼlon qilindi.

Prezidentimiz bu sanaga yuqori darajada tayyorgarlik koʻrish, uning doirasidagi tadbirlarni Abduxoliq Gʻijduvoniy tavalludining 915 yilligi va Bahouddin Naqshband tavalludining 700 yilligi bilan hamohang nishonlash, xalqaro ilmiy konferensiya oʻtkazish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.