Shavkat Mirziyoyev «Amudaryo» bolalar oromgohi va Baxshilar maktabini borib koʻrdi

0
192
marta koʻrilgan.

Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga avvalgi tashrifi chogʻida Termiz shahrida “Amudaryo” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohini barpo etish loyihasi bilan tanishib, hududda infratuzilma obyektlarini koʻpaytirish boʻyicha topshiriqlar bergan edi. 

Shunga muvofiq Surxondaryo daryosi boʻyida 200 oʻrinli dam olish maskani qurilib, oʻtgan yil yoz mavsumida foydalanishga topshirildi. Oromgohda umumtaʼlim maktablarining iqtidorli oʻquvchilari, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari, imkoniyati cheklangan bolalar dam oldirilib, sogʻlomlashtiriladi,  deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida.

Maskan 6,2 gektar maydonni egallagan. Toʻrtta yotoqxona, amfiteatr, oshxona, suzish havzasi, sport maydonlari, boshqa bino va inshootlar bunyod etilib, zarur inventarlar bilan jihozlangan.

Davlatimiz rahbari muassasada bolalarning maroqli dam olishi, salomatligini mustahkamlashi, ovqatlanishi va yashashi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Joriy yil mart oyidan oromgoh yil davomida uzluksiz faoliyat yurita boshlaydi. Unga mamlakatimizning barcha hududidan fan olimpiadalari, xalqaro tanlov va sport musobaqalari gʻoliblari boʻlgan 5-11 sinf oʻquvchilari, yozgi taʼtilda esa viloyatdan ming nafar oʻgʻil-qiz qabul qilinadi.

Bugungi kunda oromgoh Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tasarrufiga oʻtkazilib, uni xalqaro yoshlar oromgohiga aylantirish rejalashtirilmoqda.

Oromgoh huzurida umumtaʼlim maktabi barpo etilgan. Maktab negizida 125 oʻrinli baxshichilik maktabi ham faoliyat yuritadi. Oʻquvchilar bu yerda xalq ogʻzaki ijodi hamda oʻzbek xalq cholgʻularidan saboq oladi. Dars mashgʻulotlarini malakali oʻqituvchilar bilan birga toʻrt nafar Oʻzbekiston xalq baxshisi olib boradi.

Prezidentimiz maktabdagi sharoitlar bilan tanishdi, Oʻzbekiston xalq baxshilari Shoberdi Boltayev va Abdunazar Poyonov bilan muloqot qildi.

-Dostonchilik va baxshichilik — milliy gʻururimiz. Uning zamiridagi ezgu qadriyatlarni xalqimizga yetkazish lozim. Baxshichilik maktabi xalq ogʻzaki ijodining noyob durdonalarini asrashga, uni rivojlantirishga, baxshilarning obroʻsini koʻtarishga xizmat qilishi kerak. Joriy yil Navroʻz bayrami arafasida yurtimiz baxshilarining respublika seminarini oʻtkazishni yoʻlga qoʻysak, ularni qoʻllab-quvvatlagan boʻlamiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz “Mustaqillik baxshilari” kitobini chiqarish, viloyatdagi kollejlarda ham ushbu sanʼatni oʻqitish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.