Shavkat Mirziyoyev AQSHning Afgʻonistondagi yarashish masalalari boʻyicha maxsus vakilini qabul qildi

0
140
marta koʻrilgan.

11 aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Amerika Qoʻshma Shtatlarining Afgʻonistondagi yarashish masalalari boʻyicha maxsus vakili Zalmay Halilzodni qabul qildi,  deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.   

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, ochiq muloqot va oʻzaro ishonchga asoslangan koʻp qirrali Oʻzbekiston-AQSH hamkorligi jadal rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Turli darajadagi faol muloqot, konstruktiv siyosiy hamkorlik, izchil parlamentlararo aloqalar, yangi qoʻshma savdo va investitsiya loyihalari, kengayib borayotgan gumanitar almashinuv – bularning barchasi Oʻzbekiston va AQSH strategik sherikligida yangi davr boshlanganidan dalolat beradi.

Uchrashuvda ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarni kengaytirishga doir, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar koʻrib chiqildi. Afgʻonistondagi vaziyatni hal etishda mamlakatlarimiz hamkorligining holati va istiqbollariga baho berildi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston Afgʻoniston bilan anʼanaviy yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini rivojlantirishga muhim ahamiyat qaratayotgani, ushbu mamlakatda barqarorlik oʻrnatilishi va iqtisodiyot qayta tiklanishiga amaliy hissa qoʻshish tarafdori ekanini qayd etdi. 

Afgʻonistonda tinch siyosiy jarayonni boshlashda afgʻon xalqining bosh rolini nazarda tutgan holda xalqaro hamjamiyat saʼy-harakatlarini samarali muvofiqlashtirish zarurligi qayd etildi. 

Zalmay Halilzod samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi hamda Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp va Davlat kotibi Maykl Pompeoning salomini yetkazdi.

Maxsus vakil mamlakatimizning Afgʻoniston xalqiga har tomonlama, jumladan, muhim ijtimoiy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish orqali yordam berishga qaratilgan siyosatini yuksak baholadi.

AQSH Oʻzbekistonning Afgʻonistonda tinchlik muzokaralariga koʻmaklashish borasidagi konstruktiv saʼy-harakatlarini, xususan, Afgʻoniston hukumati vakillari ishtirokidagi muloqotning navbatdagi davrasini Samarqand shahrida oʻtkazish toʻgʻrisidagi tashabbusini qoʻllab-quvvatlayotgani taʼkidlandi.

Bundan tashqari, joriy yilda Toshkent shahrida  Afgʻoniston boʻyicha sakkizinchi Mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik konferensiyasi (RECCA VIII) vazirlar uchrashuvining oʻtkazilishi qoʻshni davlatlarga Afgʻonistonning tinch rivojlanishiga koʻmaklashish borasidagi oʻzaro hamkorlik boʻyicha strategiyani ishlab chiqish imkonini beradi.
 
Uchrashuv yakunida tomonlar Oʻzbekiston bilan AQSH oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, mintaqada tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash maqsadida Afgʻonistondagi vaziyatni hal etish masalalarida oʻzaro hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini qayd etdilar.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.