Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev 20 may kuni Sharqiy harbiy okrugga qarashli harbiy qismlardan biriga tashrif buyurdi.
Mamlakatimizning yangi Mudofaa doktrinasiga muvofiq bu yerda tarkibiy-tashkili oʻzgarishlar amalga oshirilgan. Oziq-ovqat bilan taʼminlash boʻyicha autsorsing tizimi joriy qilingan. Bu harbiy xizmatchilarning butun kuch-gʻayratini oʻz professional malakasini oshirishga qaratish imkonini bermoqda.
Davlatimiz rahbari askarlarning qanday kitob oʻqigani bilan qiziqdi.
«Harbiy xizmatchilarning bir daqiqa vaqtiyam bekor oʻtmasligi kerak. Jismoniy mashgʻulotlar bilan birga har kuni oʻqishi, chet tilini oʻrganishi, dunyoqarashini kengaytirishi zarur. Vatan himoyachisi degan nomga har kuni munosib boʻlishi kerak», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Harbiy qismda shaxsiy tarkibning jangovar mahoratini oshirishi, sport bilan shugʻullanishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Dam olish kunlarida bu yerda olimlar va sanʼatkorlar bilan uchrashuvlar oʻtkaziladi, spektakllar namoyish etiladi.
Shavkat Mirziyoyev shu yerga toʻplangan askarlar, ziyolilar bilan suhbatlashdi.
«Armiyani moddiy jihatdan taʼminlayapmiz, zamonaviy texnika va aslahalar bilan qurollantiryapmiz. Ammo shaxsiy tarkibning maʼnaviy-ruhiy tayyorgarligiga yetarlicha eʼtibor berilmayapti. Jismoniy va jangovar holatni sinovdan oʻtkazish boʻyicha poligonlar, mashgʻulotlar bor. Xuddi shunday, askarlar maʼnaviyati, ruhan baquvvatligi boʻyicha ham katta tayyorgarlik boʻlishi kerak» dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari harbiy xizmatchilarning maʼnaviy-ruhiy tayyorgarligini oshirishga doir qaror ishlab chiqish boʻyicha topshiriq berdi.