Anhor boʻyida bunyod etilayotgan bu bogʻdagi barcha inshootlar maʼnaviyatimiz, milliy qadriyatlarimizni ifoda etadi. Bogʻda “Navroʻz” bayrami tantanalari, madaniy tadbirlar oʻtkazishga moʻljallangan amfiteatr, qadimiy hovlilar, ustaxonalar, ayvonlar, choyxonalar va milliy anʼanalarimiz aks etgan etnografik shaharcha quriladi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida.
Navroʻzda madaniyatimiz va qadriyatlarimizning barcha jihatlari namoyon boʻladi. Bu bogʻ ana shu boy milliy merosimizni tarannum etadigan joy boʻlishi kerak, dedi Prezidentimiz. Bu yerga sayyohlar ham ishtiyoq bilan kelishi, oʻzini xuddi oʻzbek mahallasida yurgandek his qilishi zarur. Har bir bino, oʻtkaziladigan har bir tadbir oʻsib kelayotgan yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy qadriyat va anʼanalarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, oʻzligini anglashga hissa qoʻshishi lozim.
Davlatimiz rahbari loyihalarni yanada takomillashtirish, Navroʻz bayramini xalq sayli tarzida oʻtkazish boʻyicha tavsiya va koʻrsatmalar berdi.