Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 29 avgust kuni «Tojikiston Respublikasining bir guruh Davlat va jamoat arboblari, madaniyat, fan va sogʻliqni saqlash sohalari vakillarini mukofotlash toʻgʻrisida»gi farmonni imzoladi.
Unga koʻra, qardosh Oʻzbekiston va Tojikiston xalqlari oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qoʻshgan katta hissasi, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, mushtarak tarixiy meros, maʼnaviy qadriyat va anʼanalarni asrab-avaylash va boyitish borasidagi faol va samarali faoliyati, mamlakatlarimiz orasida oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlik va koʻp tomonlama strategik sherikchilikni rivojlantirishdagi xizmatlari uchun quyidagilar ordenlar va faxriy unvonlar bilan mukofotlandi:
«Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan
Qohir Rasulzoda — Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri
Sirojiddin Muhriddin — Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri
«Mehnat shuhrati» ordeni bilan
Nizom Qosim -Tojikiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi raisi
Tashpulat Gulmurodov — Tojikiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash sohasi xodimlari malakasini oshirish institutining kardiojarrohlik kafedrasi mudiri
«Doʻstlik» ordeni bilan
Ali Muhammadiyev — Tojikiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoʻlyozmalar merosi fondining boʻlim mudiri
Iftixor Shirindjonovich Djurayev — Tojikiston Respublikasi Geodeziya va yer boshqaruvi davlat qoʻmitasining chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish davlat geodeziya nazorati inspeksiyasi boshqarma boshligʻi
Raxim Marupov — Tojikiston Respublikasi Fanlar akademiyasining S.Umarov nomidagi fizika va texnika instituti bosh xodimi
Hasan Berdiqulov — Tojikiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi
«Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti» faxriy unvoni bilan
Adham Xoliqov — «S.Ayniy nomidagi opera va balet akademik teatri» davlat muassasasi badiiy rahbari
Davlat Xolov — Tojikiston Respublikasi hukumati huzuridagi Televideniye va radio qoʻmitasining «Falak» davlat ansambli badiiy rahbari