Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri, Dubay amiri bilan uchrashdi

0
209
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi doirasida 26 mart kuni Dubay shahrida BAA Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amiri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum bilan muzokara oʻtkazdi,  deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.   

Amirliklarning eng yirik shahri Dubay insoniyat ilmiy-texnik taraqqiyotining eng ilgʻor yutuqlarini oʻzida mujassam etgan. Masalan, dunyoning sakkizinchi moʻjizasi, deb eʼtirof etilayotgan Palm Islands sunʼiy orollari inson qoʻli bilan yaratilgan eng yirik arxipelag boʻlib, oʻzining miqyosi va koʻrkamligi bilan hayratga soladi. Bu yerda muhtasham mehmonxonalar joylashgan. Sayyoramizdagi eng baland osmonoʻpar bino — Burj Khalifa esa 11 koʻrsatkich boʻyicha Ginnes rekordlar kitobiga kirgan.

Dubayda dunyodagi eng uzun avtomatlashtirilgan metro tizimi va usti yopiq piyodalar oʻtish yoʻlagi mavjud. Sahroda joylashganiga qaramay, shaharda jahonning eng yirik gullar bogʻi barpo etilgan. Bu yerdagi plyajlar eng toza deb tan olingan. Shaharga bir yilda oʻrtacha salkam 16 million kishi tashrif buyurishi bejiz emas. Dubay boshqa soha va yoʻnalishlarda ham koʻplab rekordlarni zabt etgan.

Bularning barchasi ochiqlik va tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish siyosati tufaylidir. Dubayning jadal ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga koʻp jihatdan shahar va amirlik hokimi Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktumning gʻoyalari kuchli turtki boʻldi.

Oʻzbekiston ham dunyoga ochilmoqda. Mamlakatimiz jadal va izchil rivojlanish yoʻlidan bormoqda, bu jarayonda jahon tajribasini oʻrganish, shuningdek, xorijiy hamkorlar bilan innovatsion, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va boshqa sohalarda faol hamkorlik qilish muhim oʻrin tutadi.

Koʻp qirrali hamkorlikni mustahkamlash masalalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum bilan “Zaabil” saroyida boʻlib oʻtgan uchrashuvining asosiy mavzusi boʻldi. 

BAA Vitse-prezidenti, Bosh vaziri davlatimiz rahbarini samimiy qutlab, kecha Abu-Dabida mamlakatlarimiz oʻrtasida erishilgan kelishuvlardan mamnun ekanini taʼkidladi. Dubay amiri oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga chiqqan Oʻzbekiston bilan koʻp qirrali aloqalarni mustahkamlashdan manfaatdorligini bildirdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev koʻrsatilgan mehmondoʻstlik va istiqbolli qoʻshma loyihalar qoʻllab-quvvatlanayotgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi hamda Oʻzbekiston Birlashgan Arab Amirliklari, jumladan, Dubay amirligi bilan doʻstlikka asoslangan munosabatlarni mustahkamlashga tayyor ekanini qayd etdi.

Ishonch ruhida oʻtgan suhbatda qator sohalarda sheriklik va tajriba almashishni kengaytirish yoʻllari, turli darajalarda yangi aloqalar oʻrnatish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralardan soʻng imzolangan hujjatlar bilan almashish marosimi boʻlib oʻtdi. Qoʻshma investitsion kompaniya tashkil etish toʻgʻrisida shartnoma, Samarqand shahri infratuzilmasini modernizatsiya qilish va zamonaviy agroklaster tashkil etish toʻgʻrisida bitimlar, qishloq xoʻjaligi va logistika sohalarida hamkorlik qilish boʻyicha ikki tomonlama hujjatlar shular jumlasidan.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.