Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 may kuni Birlashgan Arab Amirliklari energetika va sanoat vaziri Suhayl bin Muhammad al-Mazruiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari uchrashuvni ochar ekan, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida mamlakatimizga kelgan Birlashgan Arab Amirliklarining qator vazirlik va idoralari, yetakchi investitsiya, moliya, logistika, qurilish va boshqa kompaniyalari rahbarlaridan iborat nufuzli delegatsiyani samimiy qutladi.
Oʻz navbatida, BAA energetika va sanoat vaziri Suhayl al-Mazruiy Amirliklar delegatsiyasi nomidan davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda BAA Prezidenti Shayx Xalifa bin Zoid Ol Nahayon, Abu-Dabi Amirligi valiahdi, BAA Qurolli Kuchlari Oliy bosh qoʻmondoni oʻrinbosari Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon va BAA Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay Amirligi hokimi Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktumning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Joriy yil mart oyida Abu-Dabi va Dubay shaharlarida oʻtkazilgan oliy darajadagi samarali muzokaralar doʻstlik va sheriklikka asoslangan ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Keyingi oylarda boʻlib oʻtgan yuqori darajadagi delegatsiyalar almashinuvi erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni amalga oshirishning aniq yoʻnalishlari va birinchi galdagi chora-tadbirlarini belgilab olish imkonini bergani taʼkidlandi.
Uchrashuvda Oʻzbekistonda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida istiqbolli loyihalarni, jumladan, elektr stansiyalarini qurish va modernizatsiya qilish, yangi konlarni oʻzlashtirish va uglevodorod xomashyosini chuqur qayta ishlashni kengaytirish, zamonaviy kimyo sanoati va agrosanoat korxonalari, logistika markazlarini tashkil etish, mamlakatimiz hududlarida infratuzilmani rivojlantirish va boshqa qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirish masalalari batafsil muhokama qilindi.
Iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan samarali islohotlarni amalga oshirishda tajriba almashish, shuningdek, yuqori malakali kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlik qilish muhimligi taʼkidlandi.
Bugungi kunda sheriklikning har bir ustuvor yoʻnalishida tegishli takliflarni ishlab chiqish va ikki tomonlama tadbirlarni oʻtkazish boʻyicha ishchi guruhlar faoliyat yuritmoqda.
Mehmonlar Oʻzbekistondagi davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarini qamrab olgan keng koʻlamli islohotlarni, shuningdek, hamkorlik uchun mavjud katta imkoniyatlarni yuksak baholadilar.
Uchrashuv yakunida mamlakatlarimiz xalqlari farovonligi yoʻlida koʻp qirrali munosabatlarni izchil rivojlantirish va mustahkamlash borasidagi intilish qatʼiy ekani taʼkidlandi.