Shavkat Mirziyoyev: bitta boʻlsa ham jinoyat boʻlgani hammamizni tashvishga solishi kerak

0
123
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 27 iyul kuni jinoyatchilikning oldini olish, davlat idoralari va jamiyatning bu boradagi masʼuliyatini oshirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz saytida. 

Yigʻilishda parlament va hukumat aʼzolari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari qatnashdi.

Qonun ustuvorligini taʼminlash va jinoyatchilikni jilovlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Sohani takomillashtirishga oid 80 dan ortiq qonun hujjati qabul qilindi. Ichki ishlar idoralari tuzilmasi toʻliq yangilandi. Ilgari barcha xodimlarning 60 foizi shahar va tuman boshqarmalarida, 40 foizi joylarda faoliyat yuritgan boʻlsa, bugungi kunda xodimlarning 65 foizi aholiga yaqin ishlash uchun mahallalarga yoʻnaltirildi. 

2017 yilda jinoyatlar 2016 yilga nisbatan 16 foizga, joriy yil 6 oyida esa 39 foizga kamaygan. Lekin qasddan odam oʻldirish, qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish, talonchilik, bosqinchilik, oʻgʻrilik va firibgarlik jinoyatlarining soni yuqoriligicha qolgan.

“Agar hamma birdek jon kuydirib, oilalar muammolaridan toʻliq xabardor boʻlib, ularni hal etishga koʻmaklashgan, jinoyatchilikning barvaqt oldini olganda edi, bugun natijalar umuman boshqacha boʻlardi. Afsuski, jinoyatchilikka qarshi kurashishda haligacha eskicha ishlash tizimidan voz kecha olmayapmiz. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bu faoliyatga koʻrsatkichlarni oldingi davr bilan taqqoslash orqali baho berib kelmoqda. Aslida bitta boʻlsa ham jinoyat boʻlgani hammamizni tashvishga solishi kerak”, dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Yigʻilishda jinoyatchilikni jilovlash boʻyicha ishni butunlay yangicha tizimda tashkil etish boʻyicha topshiriq berildi. “Jinoyat haqiqati va adolati” deb nomlangan bu tizimga muvofiq jinoyat sodir etilganligi boʻyicha respublikadagi masʼul rahbarlar joylarga borgan holda uning sabablarini oʻrganadi, muhokamasini tashkil qiladi, shunday holat takrorlanishining oldini olishga qaratilgan aniq choralar koʻradi, televideniye, radio va gazetada bong uradi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 19 iyundagi “Toshkent shahrida jamoat tartibini taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan “Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasi joriy etilgan edi. Unga koʻra, Toshkent shahrida sektorlar kesimida 73 ta ichki ishlar boʻlimi tashkil etilib, aholiga yanada yaqinlashtirildi. Ichki ishlar organlari xodimlari, Milliy gvardiya va jamoatchilik vakillari ishtirokida tunu kun 3 smenada ish yuritish yoʻlga qoʻyildi. 

Davlatimiz rahbari Toshkentda boshlangan mazkur amaliyotni yil oxirigacha boshqa hududlarda ham joriy etish zarurligini taʼkidladi. 

Yigʻilishda huquqbuzarliklar va ularni sodir etishga moyil shaxslar hisobini yuritish masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi. Navbatchilik qismlarining eskicha uslubda ish yuritayotgani jinoyat haqidagi xabarlarning baʼzan eʼtiborsiz qolishiga yoki hisobdan yashirilishiga sabab boʻlayotgani qayd etildi. 

Shu bois Ichki ishlar vazirligining Axborot markazini Bosh prokuratura tarkibiga oʻtkazish, navbatchilik qismlarini respublika boʻyicha yagona axborot va boshqaruv tizimiga birlashtirish, huquqbuzarliklarni roʻyxatga olishning elektron tizimini joriy qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. 

Shuningdek, har bir hududda jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish faoliyati reytingini joriy etish vazifasi qoʻyildi. Reytingda yuqori oʻrin olgan rahbar va xodimlar mukofotlanadi, past oʻrin olganlar esa qatʼiy jazolanadi.

“Har bir jinoyatning ildizigacha yetib borish, jamiyatda jinoyatchilikka qarshi kurashish immunitetini shakllantirish kerak. Aks holda, jinoyatning oqibatlari bilan ovora boʻlib yuraveramiz. Bunday kayfiyat bilan ishlashga yoʻl qoʻymayman”, dedi Prezident.

Aholiga, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarga psixiologik yordam koʻrsatish, oʻz joniga qasd qilish holatlarining oldini olish masalalari ham muhokama qilindi. Har bir suitsidga “favqulodda holat” deb qarab, tezkor choralar koʻrish, bunday xulq-atvor paydo boʻlishiga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan psixologik dasturlar ishlab chiqish, jonga qasd qilishning katta gunohligini taʼsirchan usullarda tushuntirish zarurligi taʼkidlandi. 

Oʻgʻrilik, firibgarlik va bosqinchilik bilan bogʻliq jinoyatlar tahlil qilinar ekan, profilaktika, jinoyat-qidiruv va qoʻriqlash xizmatlari faoliyatining mutlaqo qoniqarsiz tashkil etilgani tanqid qilindi. Joylarda qoʻriqlash xizmatidan foydalanish uchun yetarli sharoit yaratilmagani, shuningdek, ayrim odamlarning huquqiy ongi pastligi, koʻchasi, mahallasidagi voqea-hodisalarga befarqligi jinoyatchilarga sharoit yaratib berayotgani aytib oʻtildi. 

Shu bois qoʻriqlash xizmatlari faoliyatini yangi tizim asosida tashkil etish, axborot texnologiyalarini toʻliq joriy qilish, davlat-xususiy sheriklik asosida servis koʻlamini oshirish boʻyicha topshiriqlar berildi. 

Yoshlar oʻrtasidagi jinoyatchilik holatlariga alohida eʼtibor qaratildi. Joriy yilning 6 oyida yoshlar olti mingdan ziyod jinoyatga qoʻl urgani, taʼlim-tarbiya va bandlikni taʼminlash borasidagi muammolar bunga sabab boʻlayotgani qayd etildi. 

“Maktab va kollejlarni bitirib, oliy oʻquv yurtiga kirmagan yoshlar ertaga kim boʻlishini chuqur oʻylashimiz, ularga bugun munosib sharoit yaratib berishimiz kerak. Shu maqsadda “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturini qabul qildik va 800 milliard soʻm mablagʻni yoshlar tadbirkorligi, bandligi uchun yoʻnaltirdik. Bu mablagʻni, kerak boʻlsa, yana koʻpaytiramiz. Faqat endi uyma-uy yurib, har bir yosh bilan suhbatlashib, ushbu dasturning ijrosini taʼminlash lozim”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yigʻilishda yoʻl-transport hodisalari koʻpayib borayotganiga alohida eʼtibor qaratildi.

Joriy yilning 6 oyida roʻy bergan shunday hodisalarning 871 tasida 943 nafar odam halok boʻlgan, yana koʻplab insonlar jarohatlangan. Haydovchi va piyodalarning bilimi, qoidalarga itoatkorligi va yoʻl harakati ishtirokchilariga hurmati pastligi bunga sabab boʻlgan.

Yana bir asosiy muammo – yoʻllarning ayanchli ahvoli, deyildi yigʻilishda. Yoʻl qurish narxi Oʻzbekistonga nisbatan Xitoyda 6 baravar, Polshada esa 7,5 baravarga arzon. Lekin mamlakatimizdagi aksariyat yoʻllar qoniqarsiz ahvolda. Bu ham koʻplab yoʻl-transport hodisalarini keltirib chiqarmoqda. 

Shu bois 2018-2022 yillarga moʻljallangan yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash konsepsiyasi toʻliq va sifatli bajarish, avtotransport boshqarish huquqini beruvchi guvohnomani olish va yoʻl harakati qoidalarini qasddan buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi. 

Yigʻilishda ichki ishlar xodimlarining muomala madaniyati, ular oʻrtasida mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilish holatlari uchrab turgani muhokama etildi. Shaxsiy tarkibni tarbiyalash va kadrlarni rotatsiya qilish, ichki ishlar organlarining tahliliy-huquqiy va prognozlash faoliyatini takomillashtirish zarurligi taʼkidlandi.

Videoselektorda muhokama qilingan masalalar boʻyicha mutasaddilarning axborotlari eshitildi, vazifalar belgilab berildi.  
 


Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.