Prezident Shavkat Mirziyoyev Tomdi tumanidagi 12-bolalar musiqa va sanʼat maktabi faollar zalida Tomdi, Uchquduq, Konimex tumanlari va Zarafshon shahri jamoatchiligi vakillari, oqsoqollar, tadbirkorlar, yoshlar bilan muloqot qildi.
Samimiy muloqot chogʻida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, qoʻshni davlatlar bilan doʻstona hamkorlik, viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish, har qaysi qishloq, tuman va shaharda odamlarni qiynayotgan masalalarni bartaraf etish, yangi ish oʻrinlari yaratish, taʼlim-tarbiya masalalari xususida soʻz yuritildi.
Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatining koʻp millatli aholisi ahil-inoq, birodarligi bilan barchaga oʻrnak boʻlayotgani, oʻzbekni qozoqdan yoki rusdan ajratib boʻlmasligini, ular mamlakatimizdagi barcha oʻzgarishlarga munosib hissasini qoʻshib kelayotganini alohida taʼkidladi.
Yigʻilishda viloyatdagi qozoq milliy madaniyat markazi faollari, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tuman kengashlari rahbarlari, pedagoglar, shifokorlar, sport murabbiylari, tadbirkorlar soʻzga chiqib, Prezidentimizning chekka hududlar aholisi bilan bevosita uchrashayotgani odamlarning ertangi kunga boʻlgan ishonchini oshirayotgani, maktabgacha taʼlim tizimidagi oʻzgarishlar, yoshlar tarbiyasini toʻgʻri tashkil etilayotgani jamiyatda muhit oʻzgarishiga olib kelayotgani haqida fikr-mulohaza bildirdilar.
Shu bilan birga, tadbirda oʻz yechimini kutayotgan qator muammolar tilga olinib, ularni joyida hal qilish boʻyicha mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar berildi.
Shavkat Mirziyoyev eng chekka tumanlar aholisining maʼnaviyatini oshirish, salomatligini mustahkamlash, bandligini taʼminlash masalalari davlatimizning diqqat eʼtiborida ekani, viloyatdagi keng qamrovli oʻzgarishlar odamlarga munosib turmush sharoiti yaratishga xizmat qilishini alohida taʼkidladi.