Shavkat Mirziyoyev: har bir tizimdagi oʻzgarishlarni joylarda odamlar sezishi kerak

0
117
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2018 yil 3 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasi komplekslari faoliyatini tahlil qilish va yangi ustuvor vazifalarni belgilashga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda Bosh vazir va uning oʻrinbosarlari, Prezidentning davlat maslahatchilari, vazirlik, idora va xoʻjalik birlashmalari rahbarlari ishtirok etdi,  deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida. 

Maʼlumki, davlatimiz rahbarining 2017 yil 27 noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi faoliyatini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, hukumat apparati qayta shakllantirilgan edi. Jumladan, Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Taʼlim, sogʻliqni saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari kompleksi hamda Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari kompleksi tashkil etilgandi.

Yigʻilishda mazkur ikki kompleksning oʻtgan davrdagi faoliyati tahlil qilinib, 2018 yilga moʻljallangan rejalari va eng ustuvor vazifalari muhokama etildi.

Prezidentimiz kun tartibidagi masalaga tanqidiy yondashib, aksariyat tashkilotlar oʻz faoliyatini zamon talablari darajasida tashkil eta olmayotgani, qabul qilingan qaror va dasturlarni bajarishda sustkashlikka yoʻl qoʻyayotganini taʼkidladi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni, ijro organlari ishidagi oʻzgarishlarni joylarda odamlar sezishi kerak. Buning uchun quyi boʻgʻindagi ishlar samaradorligini oshirish, oddiy odamlarning dardi va tashvishi bilan yashash barcha rahbar va mutasaddilar faoliyatining asosiy mezoniga aylanishi zarur, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi zamonaviy davlatchiligimizda ulkan oʻzgarish yasagan tarixiy voqea boʻldi. Unda 2017 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni bilan birga mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Yigʻilishda Murojaatnomadan kelib chiqqan holda Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirlik va idoralar oldida turgan  muhim  vazifalari haqida soʻz yuritildi. Amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar yuzasidan mutasaddilarning axborotlari tinglandi.

Maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirish, maktab taʼlimi sifatini oshirish, test sinovlari va oliy oʻquv yurtlari faoliyatini takomillashtirish, sportchilarning boʻlgʻusi musobaqalarga tayyorlash borasidagi ishlarga eʼtibor qaratildi. Sogʻliqni saqlash tizimini yaxshilash, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish,   ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bogʻliq vazifalarga toʻxtalib oʻtildi.

Yigʻilishda iqtisodiyot soha va tarmoqlarining barqaror rivojlanishini taʼminlash, jumladan, qatʼiy pul-valyuta siyosatini yuritish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini kuchaytirish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, zamonaviy sanoat korxonalari barpo etish, yangi ish oʻrinlari yaratish, mahalliy byudjetlarning daromad bazasini kengaytirish kabi masalalar ham atroflicha muhokama qilindi. 


Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.