Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev Kogon tumanidagi harbiy qismni borib koʻrdi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida.
Mamlakatimizning yangi Mudofaa doktrinasiga muvofiq tizimdagi birlashma va tuzilmalarning vazifalari takomillashtirildi. Qoʻshinlarning qurol-aslaha va aloqa vositalari taʼminlanishi yangi bosqichga koʻtarildi. Harbiy xizmatchilarning jismoniy va jangovar tayyorgarligiga talablar oshirildi.
Harbiy qismda mudofaa tizimidagi islohotlarning borishi, Buxoro harbiy maʼmuriy sektori faoliyati haqida axborot berildi.
Xalq bilan armiya, mudofaa boshqarmalari bilan hokimlik bir boʻlishi kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev. Harbiylar yoshlar bilan tez-tez uchrashib turishi, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga hissa qoʻshishi zarur.
Prezidentimiz harbiylarning xizmat va yashash sharoitlari bilan tanishdi. Askar va ofitserlar bilan suhbatlashdi.