Prezident Shavkat Mirziyoyev Ishtixon tumani Xina qishlogʻida yashovchi Toshquvvat Rajabov xonadoniga tashrif buyurdi.
Yetmish yoshdan oshgan Toshquvvat otaning tomorqasini koʻrgan odamning havasi keladi. Hamma joy saranjom-sarishta. Mevali daraxtlar, meva-sabzavotlar ekilgan. Moʻjazgina issiqxona tashkil etilgan.
Bir gapni har doim aytaman: hech kim chetdan kelib bizga bir narsa qilib bermaydi, dedi Shavkat Mirziyoyev. Boqimandalik, befarqlik eng yomon illatlar. Dunyoda harakatsiz boy boʻlgan davlat ham, xonadon ham yoʻq-ku! Biz ham farovonlikka faqat oʻz mehnatimiz, oʻz harakatimiz bilan erishishimiz mumkin.
Mana, masalan, Xitoyda 8 sotix yeri bor odam badavlat hisoblanadi. Bizning qishloqlarimizda bundan ham katta tomorqalar bor. Undan samarali foydalanilsa, xalqimiz bemalol boy yashasa boʻladi. Biz odamlarni ish bilan taʼminlash, oilalarga daromad manbai yaratish haqida oʻylayapmiz. Tomorqa – tayyor ishchi joy, tayyor daromad, deya taʼkidladi Prezidentimiz.
Shavkat Mirziyoyev tomorqachilik boʻyicha Samarqand tajribasi qilish, aholiga koʻchat va urugʻ tarqatish, oʻsimliklarni kimyoviy vositalar bilan taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.