Shavkat Mirziyoyev Jizzaxda Sharof Rashidov haykali ochilishi marosimida ishtirok etdi

0
500
marta koʻrilgan.

 

 

Kun.uz xabariga koʻra, Jizzaxda 6 noyabr kuni  atoqli davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbirlar oʻtkazildi. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Jizzaxga bordi.

Shu kuni shaharda Sharof Rashidovga qoʻyilgan haykalning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, hukumat aʼzolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mehnat faxriylari, adabiyot va sanʼat namoyandalari, viloyat ahli, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan kelgan yurtdoshlarimiz, chet ellik mehmonlar ishtirok etdi. Sharof Rashidovning farzandlari, doʻstlari, hamkasblari, shogirdlari va boshqa yaqinlari qatnashdi.
 
Marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi.

OʻzA xabariga koʻra, davlat rahbari Sharof Rashidovning oʻzbek xalqi manfaatlari yoʻlidagi ulkan xizmatlari haqida soʻzlagan.

Sharof Rashidov oddiy xalq orasidan chiqqani, noyob aql-zakovati, mehnatsevarligi va kamtarligi bilan katta obroʻ-eʼtibor qozongani, xalqimizga sadoqat bilan halol xizmat qilganini taʼkidladi.

Sharof Rashidov umr boʻyi oʻz xalqiga, barcha sof niyatli insonlarga yaxshilik qilib, ularni ulugʻ maqsadlar yoʻlida birlashtirib, ezgu ishlarga safarbar etib yashadi, deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev. Bu olijanob, donishmand va bagʻrikeng inson, qanday suronli sinovlarga duch kelgan boʻlmasin, yuksak gumanistik gʻoyalarga doimo sodiq boʻlib, xalqimiz qalbida yaxshi nom, soʻnmas xotira qoldirdi.

Sharof Rashidov respublika rahbari sifatida zimmasidagi ulkan vazifalarga qaramasdan, oʻzi butun borligʻi bilan sevgan adabiyotga hamisha sodiq qoldi. U oʻzining betakror isteʼdodi bilan ezgu qadriyatlarni tarannum etgan roman va qissalar, sheʼr va dostonlar, publitsistik maqolalar yaratdi, dedi Prezident.

Tadbirda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Oqil Salimov, mehnat faxriysi Ismoil Joʻrabekov, uchuvchi-kosmonavt Vladimir Jonibekov, mehnat faxriysi Qallibek Kamalov, Sharof Rashidovning qizi, akademik Sayyora Rashidova va boshqalar Sharof Rashidov bilan bogʻliq xotiralari, u kishining hayoti va faoliyati haqida soʻzladi.

Sharof Rashidov haykalini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Sharof Rashidovning qizi Sayyora Rashidova ochdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.

Sharof Rashidov haykali poyiga gullar qoʻyildi. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.