Ushbu korxona faoliyati uch bosqichli loyiha asosida yoʻlga qoʻyiladi. Birinchi bosqich 2018 yil dekabrda ishga tushirilgan. Xitoy va Turkiyadan 100 dona tikuv dastgohi olib kelib oʻrnatilgan. Yetmishdan ziyod xotin-qiz ish bilan taʼminlangan.
Loyihaning ikkinchi bosqichida 240 ish oʻrniga moʻljallangan jinsi mato toʻqish yoʻlga qoʻyiladi. Uchinchi bosqichda ip-kalava yigiruv amaliyoti ishga tushadi. 2021 yilgacha korxona toʻliq quvvat bilan ishlashi koʻzda tutilgan. Bu tumanda 800 ga yaqin ish oʻrni yaratish imkonini beradi.
Shavkat Mirziyoyev korxona faoliyatini rivojlantirishga doir muhim koʻrsatmalar berdi. Xotin-qizlarni ish bilan taʼminlashga doimiy eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi.
Shu yerning oʻzida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish loyiha taqdimoti boʻlib oʻtdi. Xususan, mamlakatimizning Rossiya Federatsiyasi, Fransiya va Belarus Respublikalaridagi elchixonalarimiz tomonidan viloyatga jalb qilingan investitsiyalar taqdimoti, shuningdek, Janubiy Koreya, Turkiya, Hindiston, Xitoy kabi davlatlardan kelgan investorlar oʻz loyihalarini davlatimiz rahbari eʼtiboriga havola qildi.
Taqdimotga koʻra, rossiyalik investorlar yoritish uskunalari, avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, fransiyalik ishbilarmonlar esa arxitektura oynalarini ishlab chiqarish, mevani qayta ishlashga qiziqish bildirmoqda. Shuningdek, Fransiyaga anor, qovun, qizilmiya ildizini eksport qilish rejalashtirilgan.