Shavkat Mirziyoyev Namangan shahar davlat xizmatlari markazi faoliyati bilan tanishdi

0
397
marta koʻrilgan.

Prezidentimizning 2017 yil 12 dekabrdagi “Aholiga davlat xizmatlari koʻrsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi, shahar va tumanlarda uning markazlari tashkil etildi. 

Oldingi “yagona darcha” markazlari faqat tadbirkorlarga xizmat koʻrsatgan boʻlsa, davlat xizmatlari markazlari aholiga ham turli yengilliklar taqdim etmoqda. Ularning Xalq qabulxonalari bilan bir joyda faoliyat olib borishi fuqarolar muammolarini joyida hal qilish, jismoniy va yuridik shaxslarga tez, qulay, shaffof xizmat koʻrsatishda qoʻl kelmoqda.  

Namangan shahar davlat xizmatlari markazida kuniga 800 dan ortiq shaxsga 60 ga yaqin xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratilgan. Bu yerda Xalq qabulxonasi, notarius, FHDYo, pasport boʻlimlari, sugʻurta, kadastr, haydovchilik guvohnomasini almashtirish, tez tibbiy yordam xizmatlari, bank shoxobchasi joylashgan. 

Keluvchilar uchun tibbiyot xonasi, bolalar maydonchasi, oshxona tashkil etilgan.

Prezident markazdagi sharoitlar bilan tanishdi. Aholi va tadbirkorlarga koʻrsatiladigan xizmatlar turlari, sifati va tezkorligi bilan qiziqdi. Haydovchilik guvohnomasini almashtirish jarayonini koʻzdan kechirdi. 

Muassasa xodimlari bilan muloqotda xizmat turlarini yanada koʻpaytirish, aholining internet xizmatlaridan foydalanish darajasini oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Bu tizimdan eng katta maqsad — odamlarning ogʻirini yengil qilish. Hamma hududlarni va xizmatlarni shu tizimga qamrab olsak, sarsonchilik, adolatsizlik, korrupsiya boʻlmaydi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari ushbu markaz binosida joylashgan “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi viloyat boʻlimi hamda Namangan innovatsiya markazi faoliyati bilan ham tanishdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.