Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatini investitsiya va innovatsiyalar hududiga aylantirishni taklif qildi

0
101
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan faollar yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda vazirlik va idoralar rahbarlari, nuroniylar, tadbirkorlar, yoshlar ishtirok etdi. Videoselektor orqali uni Navoiy viloyati shahar va tumanlari jamoatchiligi, mamlakatimizning chet eldagi elchilari kuzatdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyati faollari ishtirokida boʻlib oʻtgan yigʻilishda viloyatni kompleks rivojlantirishga qaratilgan dolzarb vazifalarni belgilab berdi. 

Navoiy viloyati yalpi hududiy mahsulot boʻyicha ilgʻor oʻrinlarda boʻlsa-da, mavjud rezerv va imkoniyatlardan toʻla foydalanilmayotgani taʼkidlandi. Viloyat iqtisodiyoti asosan bir nechta yirik korxonalarga bogʻliq boʻlib qolgani, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yetarli darajada rivojlanmagani koʻrsatib oʻtildi. 

– Viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirishga jiddiy turtki berish maqsadida, bu yerda shunday eng qulay va jozibador biznes muhitini yaratish kerakki, nafaqat mahalliy aholi, balki boshqa viloyatlar aholisi ham bu yerga kelib, tadbirkorlik bilan shugʻullanishga intilsin. Endi Navoiy viloyati – tadbirkorlar viloyati boʻlishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Davlatimiz rahbari shu maqsadda Navoiy viloyatini eksportga yoʻnaltirilgan innovatsion va yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlar boʻyicha erkin iqtisodiy zonaga aylantirishni taklif qildi. Qayd etilganidek, buning uchun Bosh vazir oʻrinbosari rahbarligida maxsus komissiya tuzilib, mazkur iqtisodiy zona ishtirokchilariga beriladigan imtiyoz va yengilliklar tizimi belgilanadi.

Yigʻilishda investitsiyalarni faol jalb qilib, yangi zamonaviy korxonalar tashkil etish va aholini ish bilan taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. 

Navoiy viloyatida 2019-2020 yillarda umumiy qiymati 26 trillion 368 milliard soʻmlik 511 ta investitsiya loyihasidan iborat dastur ishlab chiqilgani maʼlum qilindi.

Mazkur dastur doirasida 1 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya va kreditlarni oʻzlashtirib, 17 ming 400 ta yangi ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan.

Jumladan, Navoiy issiqlik elektr stansiyasi, “Qizilqumsement”, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa tarmoqlarda 12 ta yirik loyiha amalga oshirilishi belgilangan.  

Davlatimiz rahbari qishloq xoʻjaligidagi imkoniyatlarni ham tahlil qilib, paxtadan boʻshagan maydonlarda bozorbop meva-sabzavotlar yetishtirish, tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish va qorakoʻl teri tayyorlashni koʻpaytirib, eksport hajmini oshirish boʻyicha topshiriqlar berdi.


Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.