Shavkat Mirziyoyev “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar bilan tanishdi

0
164
marta koʻrilgan.

Mamlakatimiz kimyo sanoatining eng yirik korxonasi – “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida uchta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Bular “Polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasini qurish”, “Ammiak va karbamid ishlab chiqarish quvvatlarini qurish” va “Azot kislotasini ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihalaridir, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida. 

Umumiy qiymati 1,7 milliard dollar boʻlgan ushbu quvvatlar Xitoy, Yaponiya va Shveysariya bilan hamkorlikda barpo etilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur korxonalar qurilishining borishi bilan tanishdi.

Birinchi loyiha Xitoyning «China CAMC Engineering CO. Ltd» kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. U mamlakatimiz kimyo sanoati uchun yangi turdagi mahsulotlar – 100 ming tonna polivinilxlorid, 75 ming tonna kaustik soda va 300 ming tonna metanol ishlab chiqarish imkonini beradi. Ushbu majmua ishga tushirilgach, 900 dan ortiq ish oʻrni yaratiladi.  

Yaponiyaning «Mitsubishi Corporation» va «Mitsubishi Heavy Industries Ltd.» kompaniyalari bilan hamkorlikdagi ikkinchi loyiha doirasida eskirgan, koʻp energiya talab qiladigan uskunalarni zamonaviysiga almashtiriladi. Majmuada yiliga 660 ming tonna ammiak va qariyb 580 ming tonna karbamid ishlab chiqariladi. Bugungi kunda bu yerda zamonaviy texnikalar jalb etilgan holda 40 ta asosiy obyekt qurilishi davom etmoqda.

Shveysariyaning «CASALE SA» kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan uchinchi majmua 500 ming tonna xaridorgir mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi. 

Davlatimiz rahbari loyihalar doirasida amalga oshirilgan ishlarni yuqori baholadi. Belgilangan reja va vazifalar ijrosini oʻz vaqtida taʼminlash, energiya tejamkor va mahsuldor texnologiyalarni qoʻllash orqali mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish, kimyo tarmogʻi korxonalarini rivojlantirish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Shavkat Mirziyoyev chet ellik quruvchi va muhandislar bilan muloqot qildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.