Shavkat Mirziyoyev: obod mahallada obod koʻngil boʻladi

0
94
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 iyun kuni Toshkent shahrining Olmazor tumaniga tashrif buyurib, “Ibrohim ota” mahallasida amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.

Ushbu mahallada 19 ta ikki qavatli va 4 ta toʻrt qavatli uy joylashgan. Ular 1960-yillarda qurilgan boʻlib, bugungi kunda taʼmirtalab boʻlib qolgan. Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari ham eskirgan.

Shu kabi mahallalar qiyofasini yangilash maqsadida kuni kecha “Obod mahalla” dasturi qabul qilindi. “Ibrohim ota” mahallasi ham mazkur dasturga kiritilgan. Unga muvofiq, barcha koʻp qavatli uylar, koʻcha va yoʻlaklar taʼmirlanib, hudud obodonlashtirilmoqda. 7 ta ikki qavatli arzon uy-joy, zamonaviy maktabgacha taʼlim muassasasi qurilmoqda.

Shuningdek, namunaviy loyiha asosida mahalla guzari, kommunal toʻlovlar shoxobchasi, bolalar va sport maydonchalari barpo etilishi rejalashtirilgan.

Prezidentimiz uyma-uy yurib, har bir oilaning talab-istaklarini oʻrganish, muammosi boʻlsa yordam berish, tadbirkorlarni jalb etib, ishchi joylar yaratish zarurligini taʼkidladi.

Bu yerdagi odamlarning ham bola-chaqasi, ertangi kundan umidlari bor. Mamlakatimizdagi oʻzgarishlarni, qabul qilinayotgan dasturlar natijasini odamlar oʻz uyida sezishi kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari mazkur mahalla faollari va aholi bilan suhbatlashdi. Aholini ish bilan taʼminlash, shaharu qishloqlarni obod qilish, maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimini rivojlantirish, yoshlarni yetuk insonlar etib tarbiyalash borasidagi islohotlar mohiyati haqida muloqot boʻldi. «Obod qishloq», «Obod mahalla» va «Yoshlar — kelajagimiz» dasturlari aholi turmush sharoitlarini yaxshilash, yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga zamin boʻlishi taʼkidlandi.

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.