Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Xatirchi tumanida Navoiy viloyati faollari va mutasaddi rahbarlar ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Davlatimiz rahbari viloyatda 2017 yilda bajarilgan ishlar, joriy yilda amalga oshiriladigan istiqbolli rejalar haqida maʼruza qildi.
Navoiy viloyati boy tabiiy resurslarga, ulkan iqtisodiy salohiyatga ega. Bu boylikni xalqimiz manfaati yoʻlida ishlatish, yangi ish oʻrinlari yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda, dedi davlatimiz rahbari.
Xususan, Navoiy kon-metallurgiya kombinatida qiymati 3 milliard dollar boʻlgan 27 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish ishlari boshlab yuborilgan. Mazkur loyihalar natijasida 2026 yilga borib kombinatning ishlab chiqarish hajmi 30 foizga oshadi, 30 mingdan ortiq qoʻshimcha ish oʻrni yaratiladi.
Qishloq xoʻjaligi sohasida ham tarkibiy oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Viloyatda paxta yetishtirish va uni qayta ishlash toʻliq klaster usuliga oʻtmoqda. Fermer va tadbirkorlarning daromadi oshib, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarmoqda.
Odamlarning dunyoqarashi, mehnatga munosabati oʻzgarmoqda. Dunyoqarashni nima oʻzgartiradi – ilm, daromad, manfaat, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shunday klasterlar namunasi asosida meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash va eksport qilishga ixtisoslashgan klasterlar tashkil etish zarurligi qayd etildi.
Suv tejaydigan texnologiyalar asosida meva-sabzavot yetishtirishni koʻpaytirish, yaylovlarda qorakoʻlchilik va echkichilikni rivojlantirish, Nurotada pistachilikka ixtisoslashgan oʻrmon xoʻjaligi tashkil etish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Davlatimiz rahbari Navoiy viloyatida foydalinilmayotgan imkoniyatlarni tahlil qilib, ularni ishga solish orqali odamlarni ish bilan taʼminlash, moliyalashtirish bazasini kengaytirish, mahalliy byudjetlarni mustahkamlash zarurligini taʼkidladi. Xorijiy investitsiyalarni jalb etish, imortni qisqartirish va eksportni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Viloyatni ijtimoiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab berildi. Ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash, koʻp qavatli uy-joylar qurish, aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi dolzarb masalalar hal etildi. Xususan, arzon uy-joylar qurish oʻtgan yilgiga nisbatan ikki barobar oshiriladigan, viloyat sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish va shifoxonalarni jihozlash uchun 4,5 million dollar mablagʻ ajratiladigan boʻldi. Kam taʼminlangan oilalar toʻylarini davlat tomonidan ixcham tarzda oʻtkazib beruvchi jamgʻarma tashkil etilishi maʼlum qilindi.
Videoaloqa orqali boshqa tuman va shaharlardagi odamlar bilan muloqot qilindi. Davlatimiz rahbari ularning talab va istaklarini bajarish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Navoiy viloyatining mehnatkash aholisi belgilangan ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirib, har tomonlama rivoj topishiga ishonch bildirildi.
Prezidentimizning Navoiy viloyatiga tashrifi nihoyasiga yetdi.