Prezident Shavkat Mirziyoyev Chilonzor tumanidagi Xirmontepa mahallasiga tashrif buyurdi.
Maʼlumki, mamlakatimizda «Obod qishloq» dasturi asosida qishloq joylar tartibga keltirilmoqda. Endi shaharlar uchun «Obod mahalla» dasturi ishlab chiqilmoqda.
Xirmontepa mahallasi tajriba tariqasida ushbu konsepsiya asosida obod qilindi. Hududda joylashgan 24 ta koʻp qavatli uy taʼmirlandi. Mahalla idorasi xodimlari, profilaktika inspektorlari uchun bino, kommunal toʻlovlar shoxobchasi, bolalar va sport maydonchalari barpo etilmoqda. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar va bemorlarga yordam berilmoqda.
Prezidentimiz mazkur mahalla faollari, koʻp qavatli uylarda yashovchi aholi va bolalar bilan suhbatlashdi.
Odamlarning yuragiga qoʻl solib, ularni rozi qilish siyosatimizning bosh maqsadidir, dedi Shavkat Mirziyoyev. Biz shu tarzda hamma mahallalarni birma-bir obod qilamiz.
Xalqimiz rozi boʻlib yashashi uchun zarur sharoit yaratamiz.