Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 noyabr kuni Seul shahrida BMTning sobiq Bosh kotibi Pan Gi Munni qabul qildi, deya xabar bermoqda Prezident.uz saytida.
Samimiy va ochiq ruhda oʻtgan muloqotda davlatimiz rahbari Pan Gi Mun BMTga Bosh kotiblik davrida Oʻzbekiston bilan BMT hamkorligida samarali loyihalar amalga oshirilganini yodga oldi.
Pan Gi Mun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifini yuqori baholab, bu ikki mamlakat oʻrtasidagi azaliy doʻstlik va oʻzaro ishonch ruhidagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishda muhim qadam boʻlishini qayd etdi.
Joriy yil 10 noyabr kuni Samarqandda oʻtgan «Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yoʻlidagi hamkorlik» mavzuidagi xalqaro anjumanda koʻtarilgan masalalar dolzarbligi, Oʻzbekistonning tashabbuslari Markaziy Osiyoni barqaror, iqtisodiy rivojlangan va yuksak taraqqiy etgan mintaqaga aylantirishda muhim qadam boʻlishi taʼkidlandi.
Pan Gi Mun Shavkat Mirziyoyevga Oʻzbekiston va Janubiy Koreya oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qoʻshayotgan hissasi uchun minnatdorlik izhor qildi.