Germaniyada oʻqiyotgan, ilmiy izlanishlar olib borayotgan bir guruh oʻzbekistonlik yoshlar Berlin shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyevni katta xursandchilik bilan kutib oldi, deya xabar beriladi prezident. uz. saytida
Mamlakatimiz delegatsiyasi joylashgan qarorgoh oldida samimiy suhbat boʻlib oʻtdi.
Davlatimiz rahbari vatandoshlarimizning oʻqish va ishlari, orzu-istaklari bilan qiziqdi.
– Rivojlangan davlatlar barcha sohalarga ilmiy yondashib natijaga erishgan. Biz ham juda katta izlanishdamiz. Butun harakatlarimiz dunyo bilan teng boʻlishga, xalqimizga munosib hayot yaratishga qaratilgan. Islohotlarni sizdek ilgʻor yoshlar bilan birga amalga oshiramiz. Hamma oʻrgangan bilim, “nou-xau”laringni Oʻzbekistonning har bir sohasi intiqlik bilan kutyapti. Qancha koʻp bilimli boʻlsak, shuncha qudratli boʻlamiz,- dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident yoshlarni oʻqish va izlanishlarini muvaffaqiyatli tugatib, bilim va tajribalarini mamlakatimiz rivojiga yoʻnaltirishga taklif etdi.