Shavkat Mirziyoyev: qishloqlarni obod qilsak, xalqning kayfiyati oʻzgaradi, ularda oʻz hayotini yanada yaxshilashga intilish paydo boʻladi

0
126
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 26 aprel kuni “Obod qishloq” dasturiga muvofiq qishloqlarni obodonlashtirish ishlarini sifatli tashkil etish va jadallashtirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. 

Qishloqlarda qurilish va obodonlashtirish ishlari kompleks yondashuvlar asosida olib borilmagani oqibatida qishloq aholi punktlarining meʼmoriy qiyofasi eskicha koʻrinishda qolgan edi. Baʼzi joylarda uylar tartibsiz qurilib, infratuzilma obyektlari qarovsiz ahvolga kelgandi. 

Shavkat Mirziyoyev: xarob va fayzi yoʻq joyda yashayotgan aholining kayfiyati ham, kelajakka intilishi ham boʻlmaydi. Ikkinchi tomondan, ular ham fuqarolarimiz, nima uchun ular sharoit yoʻq joyda yashashi kerak? Biz qishloqlarni obod qilsak, u yerdagi xalqning kayfiyati oʻzgaradi, ularda oʻz hayotini yanada yaxshilashga intilish paydo boʻladi, qishloqlar iqtisodiy oʻsadi. Buning natijasida Vatanimiz obod boʻladi va mamlakatimizning iqtisodiy yuksalishi uchun yana bir muhim turtki boʻladi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Jizzax viloyati Doʻstlik tumani Manas qishlogʻida amalga oshirilgan obodonchilik ishlari xayrli tajriba boʻldi. Bu tajribadan kelib chiqib, mamlakatimizdagi barcha qishloqlarni bosqichma-bosqich obod qilish maqsadida “Obod qishloq” dasturi ishlab chiqildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 29 martdagi farmoni va qarorida ushbu dasturni amalga oshirishga qaratilgan muhim vazifalar va mexanizmlar belgilab berildi.  

Dasturga muvofiq joriy yilda respublikadagi har bir tumanda 2 tadan qishloqda, keyingi yildan boshlab esa har yili har bir tumanda 3 tadan qishloqda keng koʻlamli qurilish-obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. 

Xususan, joriy yilda 368 ta qishloq obod qilinishi tasdiqlangan. 127 mingta uy-joylarni taʼmirlash va atrofini obodonlashtirish, 1 ming 900 kilometr ichimlik suvi tarmogʻi, qariyb 2 ming kilometr elektr va 263 kilometr gaz tarmoqlari barpo etish, 850 ta ijtimoiy hamda 2 ming 400 ta bozor infratuzilmasi obyektlari qurish va taʼmirlash, 440 kilometr yoʻllarni kapital taʼmirlash, 470 ta zamonaviy avtobus xarid qilish, 330 dan ziyod bekat qurish va yangi qatnov yoʻnalishlarini ochish koʻzda tutilgan.

Prezident ushbu keng miqyosli ishlarni tashkillashtirish, moliyalashtirish, loyihalashtirish va sifatli bajarish bilan bogʻliq har bir masalaga alohida toʻxtaldi. Qishloqlarning bosh rejalarini ishlab chiqish, buning uchun zarur mablagʻ ajratish va maxsus shtablar ishini samarali tashkil etish boʻyicha topshiriqlar berdi.  

Dasturning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi qurilish materiallari taʼminotiga bogʻliqligi taʼkidlanib, zarur materiallarni joylarga yetarli miqdorda va arzon narxda yetkazib berish masalalari ham muhokama qilindi. 

Hokimliklarga uy-joylarni taʼmirlash uchun kerak boʻlgan qurilish materiallari turlari va miqdorini aniqlab, qishloqlarda ularning savdosini tashkil etish vazifasi yuklatildi.

Qishloqlar aholisi maʼnaviyatini va huquqiy madaniyatini oshirish, ayrim odamlarni boqimandalik kayfiyatidan chiqarish, hamma oʻz uyi ostonasini oʻzi obod qilishi zarurligini tushuntirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi.

Qishloqlarda muhandislik kommunikatsiyalari va ijtimoiy infratuzilma holatini yaxshilash, maishiy xizmat turlarini koʻpaytirish orqali aholi ehtiyojini qondirish, yangi ish oʻrinlarini tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. 

Yigʻilishda “Obod qishloq” dasturini amalga oshirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan mutasaddilarning axborotlari tinglandi. Muhokama qilingan masalalar boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi. 
 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.