Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri saylovchilari vakillari bilan uchrashuvda poytaxtimizdagi uy-joy muammosiga alohida eʼtibor qaratgan edi. Uchrashuvda mutlaqo yangi dastur qabul qilingani, unga binoan 5 yil davomida poytaxtimizning har bir tumanida 20 tadan, jami 200 dan ortiq 7 va 9 qavatli, koʻp xonadonli uy-joylar qurilishi, bu mavzelar barcha ijtimoiy obyektlar bilan taʼminlanishi, muhandislik tarmoqlariga ulanishi, uylar atrofi obodonlashtirilishini taʼkidlagan edi.
Mazkur dasturda belgilangan vazifalar ijrosiga toʻliq kirishilib, qisqa davr ichida yuqori natijalarga erishildi. Poytaxtimizning Sergeli tumanida ana shunday yangi massiv paydo boʻldi.
Joriy yilning boshida qurilishi boshlangan mazkur uy-joylar bugun toʻliq yakuniga yetkazildi. Uy-joylar davlatimiz rahbarining 2016 yil 22 noyabrdagi «2017-2020 yillarda shaharlarda arzon koʻp kvartirali uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qaroriga muvofiq qurib bitkazildi.
Davlatimiz rahbari oʻtgan davr mobaynida qurilish ishlarining borishi bilan bir necha marotaba tanishdi, kerakli topshiriqlar berdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 17 noyabr kuni mazkur uy-joylarni borib koʻrdi.
Ilgari bu kabi uylar yillar davomida qurilar edi. Bugun quruvchilarimiz bu borada yetarli tajriba toʻplab, inshootlarni sifatli va tez qurib foydalanishga topshirmoqda.
13 gektar maydonda 66 koʻp qavatli uy-joy qad rostlagan. 1, 2, 3 xonali bu uylar aholiga imtiyozli kreditlar asosida berildi. Uylar atrofida 240 oʻrinli maktabgacha taʼlim muassasasi, 630 oʻrinli oʻrta taʼlim maktabi, 61-sonli oilaviy poliklinika, yopiq turdagi suzish havzasi, shahar militsiya boʻlinmasi, pochta va kitob doʻkoni, dam olish maskanlari, poliklinika, bolalar maydonchalari, avtomobil turar joylari, velotrassalar barpo etilgan.
Bundan tashqari, mavzeda xizmat koʻrsatish tarmoqlari tashkil etildi, yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Bu uylarni birovlarga koʻz-koʻz qilish uchun emas, aholi manfatlarini oʻylab bunyod etmoqdamiz, dedi Prezidentimiz. Shunday ekan, binolarni zamon talablariga mos qilib qurish kerak. Bundan tashqari, uylarni saqlash, toʻgʻri foydalanish ham burchimizdir. Bu borada shu yerda yashovchilarning masʼuliyatini oshirish, ularda oʻz uyi uchun javobgarlik hissini koʻchaytirish lozim.
Prezidentimiz yangi qurilgan xonadonlarda boʻldi. U yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, uy sohiblari bilan dildan suhbatlashdi. Ularni yangi xonadon bilan tabriklab, sovgʻalar taqdim qildi.
Munavvar Kamolxoʻjayeva Uchtepa tumanidagi 75-oʻrta maktabning boshlangʻich sinflariga dars beradi. Taqdir taqozosi bilan turmush oʻrtogʻi olamdan oʻtgan bu fidoyi oʻqituvchi uy-joyga ehtiyoji bois joriy yilning boshida ariza bilan tuman hokimligiga murojaat qilgan. Mazkur mavzeda qurib bitkazilgan arzon uy-joylardagi xonadonlardan biri unga berildi. Boshlangʻich toʻlovini amalga oshirgan Munavvar opa bugun uy toʻyini nishonlamoqda.
Yangi uy sohiblari Prezidentimiz bilan suhbatda yaratilgan sharoitlardan mamnun ekanini izhor etdi. Bu kabi uy-joylar oilalarga imtiyozli ipoteka kreditlari va soliq imtiyozlari asosida berilishi aholining kayfiyatini koʻtarib, turmush darajasini oshirishda muhim omil boʻlayotganini qayd etdi.
Bu yerga koʻchib kelayotganlarni ish bilan taʼminlash masalasi ham dolzarbdir. Kelajakda quriladigan korxona va ishlab chiqarish obyektlari bu uylarga yaqin joyda boʻlishi muhim, dedi davlatimiz rahbari.
Prezidentimiz kelajakda quriladigan bu kabi uylarni yanada takomillashtirish boʻyicha tavsiya va topshiriqlar berdi.