Shavkat Mirziyoyev Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligiga bagʻishlangan xotira kechasi va konsert dasturida ishtirok etdi

0
269
marta koʻrilgan.
 

Kunning ikkinchi yarmida Jizzax viloyati musiqali drama teatrida atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligiga bagʻishlangan xotira kechasi va konsert dasturi boʻlib oʻtdi. 

Marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi, deya xabar bermoqda prezident.uz saytida. 

Unda senator va deputatlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yozuvchi-shoirlar, sanʼat va madaniyat namoyandalari, adibning avlodlari, faxriylar, yoshlar, adabiyot ixlosmandlari qatnashdi. 

Sharof Rashidov atoqli davlat arbobi boʻlish bilan birga, ulkan soʻz sanʼatkori, mohir tarjimon, inson qalbining zukko bilimdoni edi. Uning yoshlik, bahor, goʻzallik, ezgulik, Vatan mehri tarannum etilgan asarlari xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan. Xususan, «Kashmir qoʻshigʻi», «Ikki dil dostoni», «Dil amri» kabi asarlari milliy adabiyotimiz xazinasidan munosib joy olgan, qator asarlari asosida badiiy filmlar suratga olingan, spektakllar sahnalashtirilgan. 

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan istiqlolning dastlabki yillaridayoq adolat qayta tiklandi, Sharof Rashidov nomi toʻla-toʻkis oqlandi. 1992 yil adibning 75 yillik yubileyi yurtimizda keng nishonlandi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 27 martdagi «Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash toʻgʻrisida»gi qaroriga muvofiq ushbu sana mamlakatimiz miqyosida katta tantana bilan nishonlanmoqda. Bu tadbirlarda xalqimizning ulugʻ adibni qanchalar ardoqlashi, uning ijodiy merosi, odamlar dardiga malham boʻlishdek oʻzbekona sifatlari va fazilatlarini qadrlashi namoyon boʻlmoqda. 

Bu adibning 100 yillik yubileyiga bagʻishlab oʻtkazilgan xotira kechasi konsertida ham oʻzining yorqin ifodasini topdi. Unda yurtimiz sanʼat ustalari tomonidan milliy ashula va raqslar, jahon sanʼatining eng sara asarlaridan namunalar ijro etildi. 

Ushbu kuy-qoʻshiqlar qalblarda Vatanga muhabbat, hayot sururi tuygʻularini joʻsh urdirdi. Sharof Rashidov soʻzi bilan aytiluvchi «Olamda gullar yashar», «Vatan fidoyilariga», «Dugonalar», «Yor kelur» qoʻshiqlari, Hamid Olimjon va Zulfiyaning «Oʻzbekiston deya atalur…», «Yoshlik chogʻimda», «Kel, assalom» sheʼrlariga bastalangan taronalar, xalq ashulalari, jahon sanʼatidan ijro etilgan ariya va kompozitsiyalar tinglovchilarga bir olam zavq bagʻishladi. 

Sahna ortidagi ulkan monitorda donishmand insonning bolalik va yoshlik davrlari, uni voyaga yetkazgan ota-onasi siymolari, Sharof Rashidovning ona Vatanimiz, xalqimiz gʻururini koʻtarish, yurtimizni obod etish yoʻlida butun borligʻini tikib olib borgan hayoti, Prezidentimiz rahnamoligida ardoqli adib nomini abadiylashtirish borasida amalga oshirilayotgan ulkan ishlar, bugungi dorilomon hayotimiz aks ettirilgan lavhalar namoyish etiladi. 

Bularning bari oʻz eliga va Vataniga fidoyi insonning xalqimiz yuragidan munosib joy olgani va mehriga sazovor boʻlganini namoyon qiladi. 

Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligiga bagʻishlangan xotira kechalari, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar mamlakatimiz boʻylab davom etmoqda. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.