Shavkat Mirziyoyev Sulton Saodat majmuasini obod qilish boʻyicha koʻrsatmalar berdi

0
541
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Termiz shahri yaqinidagi Sulton Saodat maqbarasini ziyorat qildi. Qurʼon tilovat etildi,  deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Ushbu qadamjo X-XVII asrlarga mansub maqbaralar majmuasidir. Bu yerda paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning qizlari Fotima onamiz va Hazrat Alining beshinchi avlodi boʻlgan Sayyid Hasan al-Amir mangu qoʻnim topgan. Shu bois u aslida Sulton Saodot, yaʼni “Sayyidlar sultoni” deya atalgan. Keyinchalik maqbara atrofiga uning avlodlari va boshqa sayyidlar dafn etilgan. 

Olimlar fikricha, Hasan al-Amir oʻz yaqinlari bilan taxminan 865 yilda Termizga kelib, yashab qolgan. Shu tariqa bu yerda obroʻli sayyidlar sulolasi shakllangan. Oʻrta asrlardagi davlatlar, xususan, Amir Temur saltanati rivojida Termiz sayyidlarining alohida oʻrni boʻlgan. Sohibqiron va temuriylar paygʻambarimiz avlodlariga hurmat koʻrsatishni sharaf deb bilib, bu yerda xonaqoh va maqbaralar qurdirgan. Keyingi dahmalar oʻz davrining uslubiga mos ravishda barpo etilgan. Shu jihatlari bilan majmua ulkan tarixiy, maʼnaviy, madaniy ahamiyatga egadir.

Davlatimiz rahbari ushbu qadamjo ulkan maʼnaviy meros, musulmonlar uchun tabarruk maskan ekanini qayd etib, uning tarixini mukammal oʻrganish, xalqimizga va chet elliklarga yetkazish zarurligini taʼkidladi. Majmua hududini arxeologik oʻrganish asosida uni obodonlashtirish, Imom Buxoriy, Imom Termiziy maqbaralaridek katta va goʻzal ziyoratgohga aylantirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.