Termiz shahrida Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sessiyani ochiq muloqot tarzida oʻtkazishni taklif qildi.
— Haqiqiy ahvolni gapirgan odam bizga doʻst. Uchrashuvimiz hamma masalalarni joy joyiga qoʻyish boʻyicha foydali boʻlsin, — dedi davlatimiz rahbari
Prezidentimiz foydali qazilmalarga boy, uch martagacha hosil olsa boʻladigan tabiiy sharoitga ega, aholisi mehnatsevar Surxondaryo viloyati salohiyatining hali oʻndan biri ham ishga solinmaganini qayd etdi. Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot mamlakatimiz koʻrsatkichidan 2,3 barobar, xizmat koʻrsatish 2 barobar, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport qilish 8 barobar kam ekanini koʻrsatib oʻtdi. Viloyatda iqtisodiy faol aholining 10 foizi ishsiz, toza ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasi 54 foiz ekani tanqid qilindi.
Shu kabi masalalarni hal etish, viloyatni har tomonlama rivojlantirish maqsadida 2019-2020 yillar uchun umumiy qiymati 23 trillion 632 milliard soʻm boʻlgan 649 investitsiya loyihasi rejalashtirilgan. Bular doirasida 2,2 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish, 11 ming 500 ta ish oʻrni yaratish moʻlajallangan.
Bundan tashqari, Surxondaryoning oʻziga xos xususiyatlari va imkoniyatlarini chuqur oʻrgangan holda viloyatni 2030 yilgacha kompleks rivojlantirish boʻyicha konsepsiya ham ishlab chiqilmoqda.
Prezidentimiz chet eldan investitsiya olib kelib, zamonaviy korxonalar tashkil etish, yangi ish oʻrinlari yaratish, aholi va mahalliy byudjetlar daromadini koʻpaytirish boʻyicha ustuvor vazifalarni belgilab berdi.